Putin NATOdan 1997-yil darajasiga qaytishni talab qilishi mumkin

Dunyo

Rossiya Ukraina bo‘yicha yangi muzokaralardan NATOning Yevropadagi harbiy ishtirokini 1997-yil darajasigacha qisqartirishni talab qilish uchun foydalanishi mumkin. The Telegraph nashrining diplomatik manbalarga tayanib yozishicha, Moskvaning Yevropa davlatlarini tinçlik jarayoniga jalb etishga intilishi alyansning kengayishi masalasida yon berishlarga erishish maqsadi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Putin NATOdan 1997-yil darajasiga qaytishni talab qilishi mumkin
Rossiya prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Yuriy Uşakov avvalroq Rossiya, Ukraina va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarda Yevropa ham ishtirok etishi kerakligini aytgan edi. Uning fikricha, Yevropa davlatlari kelishuvga erishishda muhim rol o‘ynaydi. Biroq The Telegraph suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Moskva muzokaralarda Yevropa xavfsizligi masalasini kengroq ko‘tarib, Rossiya chegaralari yaqinidagi NATO harbiy ishtirokini o‘zgartirishga erishmoqchi.

1997-yil holatiga qaytish talabi Polsha, Estoniya, Latviya, Litva va Finlyandiyadan alyans qo‘shinlarini olib chiqishni anglatishi mumkin. Bu besh davlatning barchasi Rossiya bilan chegaradosh. Finlyandiya 2023-yilda NATOga qo‘shilgan. The Telegraph manbalariga ko‘ra, G‘arb diplomatlari bunday yon berishlarga rozi emas.

Moskva NATO harbiy infratuzilmasini 1997-yildagi pozitsiyalarga qaytarish talabini 2021-yil dekabrida, Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishdan bir necha hafta oldin ilgari surgan edi. Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov o‘shanda alyansni qo‘shinlarini olib chiqishga chaqirib, Rossiyani chetga surishga urinayotganlikda ayblagan. Keyinchalik Vladimir Putin NATOning kengayishini urush sabablaridan biri sifatida bir necha bor tilga oldi. Shunga qaramay, 2022-yil fevralidan keyin Finlyandiya va Shvetsiya alyansga qo‘shildi.

Shimoliy Atlantika shartnomasining 10-moddasi «ochiq eshiklar» siyosatini belgilaydi: Yevropadagi davlat alyansga barcha amaldagi a’zolar roziligi bilan taklif etilishi mumkin. NATO uchinchi davlatlar bu qarorlarga veto qo‘ya olmasligini ta’kidlaydi. Shu sababli 1997-yil darajasiga qaytish talabi nafaqat urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga, balki davlatlarning xavfsizlik ittifoqlarini mustaqil tanlash huquqiga ham taalluqli.

Rossiya, Ukraina va AQSh vakillari o‘rtasidagi navbatdagi texnik muzokaralar noyabr oyining birinchi yarmida Abu-Dabida o‘tishi kutilmoqda. Uchrashuvning sezilarli natija berishi hozircha noaniq. NATOning 1997-yilgi holatiga qaytish talabi rasmiy muzokaralar kun tartibiga kiritilgani tasdiqlanmagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing