Putin: Rossiya va MDH mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 110 mlrd dollardan oshdi

Iqtisodiyot

Rossiyaning MDH mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2025-yilda 110 milliard dollardan oshdi va o‘sishda davom etmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Hamdo‘stlik davlatlari rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvida ma’lum qildi. U hamkorlarni o‘zaro savdodagi to‘siqlarni faolroq bartaraf etishga chaqirib, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Putin: Rossiya va MDH mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 110 mlrd dollardan oshdi
Putinning so‘zlariga ko‘ra, MDH davlatlari o‘zaro savdodagi cheklovlarni kamaytirsa, yanada katta natijalarga erishishi mumkin. Iqtisodiy hamkorlik investitsiyalar va yuqori texnologiyalar sohasidagi aloqalar bilan birga Hamdo‘stlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida savdo hajmi yana 19 foizga o‘sdi, o‘zaro hisob-kitoblarning 90 foizdan ortig‘i milliy valyutalarda amalga oshirildi. Hamkorlik fan, ta’lim, turizm, sog‘liqni saqlash, ekologiya, sport va yoshlar siyosatini ham qamrab oladi.

Putin xalqaro kun tartibiga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, MDH mamlakatlari xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy roliga asoslangan adolatli, ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirish tarafdori.

Rossiya prezidenti Hamdo‘stlik mamlakatlari uchun umumiy tarixni saqlash muhimligini ham ta’kidladi. Yetakchilar tarixiy xotirani asrash bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilishi kutilmoqda. Putinning qayd etishicha, yoshlar sovet davridagi xalqlar yutuqlari va avlodlar hissasi haqida haqqoniy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. U rus tilini MDH hududidagi xalqlarni birlashtiruvchi kuch deb atadi.

Uchrashuvda Putin 2027-yil 1-yanvardan MDHga raislik O‘zbekistonga o‘tishini tasdiqladi. Uning aytishicha, Toshkent raislik davrida Rossiya ko‘magiga tayanishi mumkin.

Shuningdek, Rossiya prezidenti hamkasblarini 21-dekabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan an’anaviy norasmiy, yil yakuniga bag‘ishlangan uchrashuvga taklif qildi. Putin ushbu uchrashuvda dolzarb masalalar va Hamdo‘stlik davlatlari hamkorligining kelgusi yo‘nalishlarini muhokama qilish mumkinligini bildirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing