Putin Trampni tabrikladi va Ukraina bo‘yicha muloqotga tayyorligini bildirdi

Dunyo

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda AQShning yangi prezidenti Donald Trampni lavozimga kirishishi bilan tabrikladi. Kreml matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan videolavhada Putin nafaqat samimiy tabrik so‘zlarini izhor qilgan, balki Moskvaning Ukraina mojarosi bo‘yicha muloqotga ochiqligini ham ma’lum qilgan.

Putin Trampni tabrikladi va Ukraina bo‘yicha muloqotga tayyorligini bildirdi
Putin o‘z nutqida AQShning yangi administratsiyasining Rossiya bilan aloqalarni tiklash haqidagi bayonotlarini ijobiy baholadi. U shuningdek, uchinchi jahon urushi ehtimolini oldini olish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish zarurligini eslatib o‘tdi. Prezident bu boradagi har qanday konstruktiv yondashuvni olqishlashini qayd etib, "Biz Donald Trampni lavozimga kirishishi bilan tabriklaymiz va uning jamoasi bilan samarali muloqotga tayyormiz", — dedi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hech qachon Vashington bilan muloqotdan bosh tortmagan, xususan, Ukraina mojarosi bo‘yicha. U Rossiya va AQSh o‘rtasidagi har qanday dialog teng huquqlilik va o‘zaro hurmat tamoyillari asosida qurilishi kerakligini ta’kidladi.

“Biz yangi administratsiya bilan Ukraina bo‘yicha dialogga ochiqmiz. Muhimi, inqirozning birlamchi sabablarini bartaraf etishdir. Maqsadimiz — qisqa muddatli sulh emas, balki mintaqada yashovchi barcha xalqlar manfaatlarini hurmat qiluvchi uzoq muddatli tinchlikka erishishdir,” — dedi Putin.

CNN telekanalining 19-yanvar kuni tarqatgan xabariga ko‘ra, Donald Tramp yordamchilariga AQSh prezidentligi lavozimiga kirishganidan keyin bir necha kun ichida Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot tashkil etishni topshirgan. Ushbu suhbat Ukraina urushiga barham berish uchun yaqin oylarda uchrashuv o‘tkazishni muhokama qilish maqsadini ko‘zlagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing