Putin uchun yangi o'q o'tkazmaydigan zirhlangan avtomobil ishlab chiqildi

Texnologiya

Rossiyaning Nijniy Novgorod shahridagi "Rida" tuning kompaniyasi, zirhli texnika ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, Aurus Komendant avtomobilining uzaytirilgan zirhli versiyasini taqdim etdi. Ushbu avtomobil Rossiyaning mashhur Aurus kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, xavfsizlik va himoya jihatdan yuqori darajadagi texnologiyalar bilan ta’minlangan.

Putin uchun yangi o'q o'tkazmaydigan zirhlangan avtomobil ishlab chiqildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning shaxsiy garajida 15 ga yaqin o‘q o‘tmas premium klass avtomobillar mavjud. Oldin Putinning kortejida Mercedes-Benz S600 Pullman avtomobillari ishlatilgan. 2018 yildagi inauguratsiyasidan boshlab esa u Aurus Senat avtomobilida harakatlanmoqda va endilikda faqat shu mashinadan foydalanadi. Bu avtomobil nafaqat Rossiya ichida, balki prezidentning xorijiy safarlari chog‘ida ham ishlatiladi.

Standart modeldan 500 mm uzunroq bo‘lgan Aurus Komendant 7 mm qalinlikdagi zirhli kapsula va 50 mm qalinlikdagi zirhli oynalar bilan jihozlangan. Ushbu avtomobil AKM avtomati va SVD snayper miltig‘ining o‘qlariga bardosh bera oladi. Himoya darajasi B6/B7 sinfiga mansub bo‘lib, maxsus off-road shinalari bilan ta’minlangan. Bu esa avtomobilga nafaqat shaharda, balki murakkab yo‘l sharoitlarida ham erkin harakatlanish imkoniyatini beradi.

Prezident kortejida qaysi avtomobil aynan Putinga tegishli ekani doimo sir saqlanadi. Ushbu ma’lumot faqat prezidentning xavfsizlik xizmati va maxsus ruxsatga ega shaxslargagina ma’lum.

Shuningdek, Rossiyadan xorijga yo‘l olgan prezident korteji mahalliy diplomatik davlat raqamlariga ega bo‘ladi. Har bir avtomobilning almashinuvchan davlat raqami mavjud bo‘lib, har safardan oldin maxsus xizmatlar joylashuv mamlakati bilan kelishgan holda avtomobillarga mos davlat raqamlarini beradi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Aurus avtomobillari haqida quyidagicha fikr bildirgan:

“Aurus juda qimmat, lekin uni oz miqdorda ishlab chiqaramiz. Endilikda xorijda ham ishlab chiqarilmoqda. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklarida inkassatsiya uchun foydalaniladi. Do‘stlarimizga bu mashina juda yoqadi.”

Aurus avtomobillari nafaqat Rossiya rasmiy doiralari, balki xalqaro bozor uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing