Qatar va O‘zbekiston sport sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishni rejalashtirmoqda

Sport

Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) va Qatar Olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti Tani ibn Abdulrahmon Al Quvari Toshkentga tashrif buyurdi. Ushbu tashrifdan Oʻzbekiston va Qatar mamlakatlari oʻrtasida sport sohasida yaqin hamkorlikni kuchaytirish koʻzda tutilgan.

Qatar va O‘zbekiston sport sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishni rejalashtirmoqda
Ayni kunlarda Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) va Qatar Olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti Tani ibn Abdulrahmon Al Quvari poytaxtimizda mehmon boʻldi. Dastavval, Yoshlar siyosati va sport vazirligida martabali mehmon bilan ushbu yoʻnalishdagi mavzular muhokama qilindi. Mehmonlarni vazir Adham Ikramov va OOK vitse-prezidenti Otabek Umarov qarshi olishdi.

Shundan soʻng har ikki tomon oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Qatarning Oʻzbekistondagi Favquloddagi va Muxtor elchisi Hasan Hamza Hoshim, Vazir oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov hamda MOQ raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov ham ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida har ikki Milliy Olimpiya qoʻmitalari oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlariga hamkorlikda tayyorgarlik koʻrish, terma jamoalar oʻrtasida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini koʻproq tashkil etish, zamonaviy sport obyektlarini qurish va bu borada oʻzaro tajriba almashish mavzulari muhokama qilindi.

Otabek Umarov “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish va boshqa yirik xalqaro musobaqalarni oʻtkazishda ushbu davlat tajribasini oʻrganish borasida oʻz takliflarini ilgari surdi.

Oʻz oʻrnida, Qatar tomoni oʻzbek sportining kuchli maktabga ega ekani, ayniqsa, yakkakurash turlarida atletlarimizning jahonda yetakchilar qatoriga kirishini alohida taʼkidladi. Shuningdek, mehmonlar oʻzbek sporti bilan hamkorlik qilishdan mamnun boʻlishlarini bildirdilar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing