«Qish yaqinlashmoqda, odamlarga gaz kerak»: «O‘zbekneftgaz» mavsumga tayyorgarlikni kuchaytirmoqda

O'zbekiston

«O‘zbekneftgaz»da kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning 30 kunlik bosqichi boshlandi. Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligidagi yig‘ilishda gaz qazib olish, quduqlarning holati va iste’molchilarni barqaror ta’minlash choralari muhokama qilindi.

«Qish yaqinlashmoqda, odamlarga gaz kerak»: «O‘zbekneftgaz» mavsumga tayyorgarlikni kuchaytirmoqda
«Qayerda xato qilyapmiz? Natijaga erishish uchun yana qanday choralar ko‘rish kerak? Qish yaqinlashmoqda, odamlarga gaz kerak», — dedi Sanginov. U konlar va quduqlardagi ishlarni nazorat qilishni kuchaytirib, natijalarni aniq o‘lchashni topshirdi: «Har bir topshiriq kon, har bir quduqqacha yetib borishi, natija esa o‘lchanadigan bo‘lishi kerak».

Qazib olish uchun mas’ul xodimlarni KPI asosida baholash tizimi ham joriy etiladi. Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida sinovdan o‘tkazilgan ushbu yondashuvni kompaniyaning barcha qazib chiqarish boshqarmalarida tajriba tariqasida qo‘llash topshirildi. Bazaviy qazib olish hajmini saqlab qolgan bo‘linmalarni har oy rag‘batlantirish ham rejalashtirilgan.

Kompaniya chuqur quduqlarni o‘zlashtirish, xorijiy hamkorlar bilan yangi konstruksiyalar asosida burg‘ilash va yangi quduqlarni ishga tushirishni tezlashtiradi. Qazib chiqarish boshqarmalari, geologlar, loyiha institutlari, dispetcherlik xizmatlari va xorijiy hamkorlar ishtirokidagi ishchi guruhlar quduqlar debitining pasayishini tahlil qiladi. Tekshiruvlar 16-sentabrdan boshlanadi.

«Gissarneftegaz» qo‘shma korxonasida neft va gaz kondensati qazib chiqarish ikki baravar oshgan bo‘lsa-da, yanvar–avgust oylarida reja 61 foizga bajarilgan. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni kamida 90 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishi 795,4 trln so‘mni tashkil etgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing