“Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi

Iqtisodiyot

Prezidentning maʼlum qilishicha, ushbu yangi bankning faoliyati ham, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari ham yangicha bo‘ladi.

“Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi
Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan “Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi. Bu haqda bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tayotgan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.

Taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda mikro-biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha katta amaliy ishlar qilindi. Natijada bugun har bir mahallada kamida 40-50 nafar yangi tadbirkorlar paydo bo‘lib, minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilmoqda.

“Lekin kichik biznesni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida qulay muhit hali to‘liq shakllanib ulgurmadi”, deydi davlat rahbari.

Unga koʻra, kichik tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun mutlaqo yangi yondashuvlar joriy qilinadi.

Bunda, ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka o‘qitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish bo‘yicha yaxlit eko-tizim yaratiladi.

Buning uchun, eng avvalo, “Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi. Ushbu yangi bankning faoliyati ham, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari ham yangicha bo‘ladi.

Jumladan, bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazlari tashkil etiladi. Markazlar tashabbuskorlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi, o‘z hisobidan yangi loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni o‘qitadi, yangi loyihalarga zarur mutaxassislarni jalb qiladi, tadbirkorlar uchun buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.

Hududlardagi kichik biznes markazlarida o‘qigan tadbirkorlarning loyihalarini eng qulay shartlarda moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda, kichik biznes loyihasining 10 foiziga tadbirkor investisiya kiritsa, 45 foiziga “Biznesni rivojlantirish banki”ning o‘zi, qolgan 45 foizi uchun davlat ko‘magida resurs yo‘naltiriladi. Kreditlar tadbirkorlarga 5-7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi. Ushbu mablag‘larning 150 million dollari bo‘yicha kredit liniyalari 1-oktyabrdan ochiladi.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, “kredit va soliq tarixi” toza bo‘lgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50 foizga kamaytiriladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing