Tramp Hormuz bo‘g‘ozidagi “Ozodlik loyihasi”ni to‘xtatmoqda

Dunyo

Yaqin Sharqdagi global qarama-qarshilik mo‘rt diplomatiya bosqichiga o‘tmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron bilan muloqotda “sezilarli progress”ga erishilganini vaj qilib, Hormuz bo‘g‘ozida kemalarni kuzatib borish bo‘yicha shov-shuvli “Ozodlik loyihasi” to‘xtatilganini e’lon qildi. AQSh-Isroil hujumining faol bosqichi yakunlanishi fonida, vaziyatni yumshatishda kutilmaganda Osiyo davlatlari — Xitoy va Islomobod muhim rol o‘ynadi, chunki yopilgan suv yo‘li ular uchun iqtisodiy barqarorlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdidga aylangan edi.

Tramp Hormuz bo‘g‘ozidagi “Ozodlik loyihasi”ni to‘xtatmoqda
Oq uy ma’muriyati Hormuz bo‘g‘ozida savdo kemalarini harbiy kuzatib borish operatsiyasi vaqtincha to‘xtatilganini tasdiqladi. Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Pokistonning vositachiligi va Eronning yangi kelishuvni muhokama qilishga tayyorligi natijasidir. Shu bilan birga, Davlat kotibi Marko Rubio Isroil bilan birgalikda Eron hududida o‘tkazilgan harbiy operatsiya yakunlanganini, qo‘yilgan maqsadlarga erishilganini ma’lum qildi. Shunga qaramay, AQSh bosimni butunlay bo‘shashtirmoqchi emas: Eron portlarining dengiz blokadasi o‘z kuchida qolmoqda.

Diplomatik sa’y-harakatlar markazi shu haftada Pekinga ko‘chdi. Eron TIV rahbari Abbos Aragchi Van I bilan shoshilinch maslahatlashuvlar o‘tkazish uchun Xitoyga keldi. Xitoy uchun bo‘g‘ozni ochish masalasi Vashingtonga qaraganda keskinroq turibdi: Xitoyning eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyoti Yaqin Sharqdan keladigan energiya resurslariga o‘ta bog‘liq. Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy o‘z xom neftining yarmini va suyultirilgan gazining uchdan bir qismini aynan shu yo‘l orqali import qiladi.

Vashington rais Si Szinpinni Tehronga nisbatan barcha mavjud ta’sir vositalaridan foydalanishga ochiqchasiga chaqirmoqda. Amerika tomoni Eron neftining eng yirik xaridori bo‘lgan Pekin Tehronni xalqaro dengiz yo‘llarini ochishga to‘liq ko‘ndira olishiga ishonchi komil. AQSh va Xitoy yetakchilarining Pekindagi bo‘lajak uchrashuvi ushbu mojaroda hal qiluvchi nuqta bo‘lishi mumkin. Hozircha dunyo kutish rejimida: ikki haftalik otashkesin uzoq muddatli tinchlikning boshlanishimi yoki bu shunchaki yangi keskinlashuv oldidan qisqa tanaffusmi?

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing