Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i yengillashtiriladi

O'zbekiston

2026-yil 1-yanvardan boshlab fermer va dehqonlar o‘z mahsulotini sotganda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada qo‘llaniladi. Ushbu chora agrar sohani “soya” iqtisodiyotidan chiqarish va ishlab chiqaruvchilar qo‘lida milliardlab so‘m mablag‘ni qoldirishga xizmat qiladi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i yengillashtiriladi
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi: paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, ularning o‘rniga 160 ming gektar bog‘ va uzumzorlar barpo etildi, umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan 1,5 mingdan ortiq loyiha ishga tushirildi.

Biroq sohada “soya” iqtisodiyoti hanuz sezilarli ulushni egallab turibdi. Hozirda oziq-ovqat mahsulotlari savdosida QQS 12 foiz stavkada undirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chog‘ida fermer va dehqonlarga soliq yukini kamaytirishni topshirgan edi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi va mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan yangi tartibga ko‘ra, kelasi yildan boshlab fermerlar o‘z mahsulotini nol stavkali QQS bilan sotishi mumkin bo‘ladi. Imtiyoz meva-sabzavot, go‘sht, sut mahsulotlari, tuxum va boshqa qishloq xo‘jaligi tovarlariga tatbiq etiladi. Paxta va g‘alla bundan mustasno.

Shuningdek, urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr energiyasi va boshqa ishlab chiqarish xarajatlari bo‘yicha to‘langan QQSni qaytarish amaliyoti saqlanib qoladi. Natijada fermerlar yiliga qariyb 300 milliard so‘mni tejab qolishi, yana 400 milliard so‘mni yangi imtiyoz orqali qaytarib olishi mumkin bo‘ladi.

Mazkur chora-tadbirlar sohani yanada shaffof qilish, yirik plantatsiyalar va qayta ishlash korxonalarini ko‘paytirishga xizmat qiladi. Mas’ul idoralarga yangi tartibni ishlab chiqaruvchilarga to‘liq tushuntirish va samarali joriy etish vazifasi topshirildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing