Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevni tabrikladi

Dunyo

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilham Aliyev nomiga tabrik maktubi yo‘lladi.

Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevni tabrikladi
“Hurmatli Ilhom Haydar o‘g‘li.

Qadrli birodarim.

Janobi Oliylarini va qardosh Ozarbayjon xalqini mamlakatingiz milliy bayrami — Mustaqillik kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy tabriklash hamda eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan g‘oyat mamnunman.

Alohida ta’kidlashni istardimki, Sizning dono rahbarligingiz ostida Ozarbayjonda barcha sohalarda muhim o‘zgarishlar va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, xalq farovonligi va turmush darajasi yuksalmoqda, hududlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Yaqinda aynan Sizning tashabbusingiz bilan go‘zal va betakror Boku shahrida Jahon shaharsozlik forumining 13-sessiyasi eng yuqori darajada va muvaffaqiyatli tashkil etildi. Bu — Ozarbayjonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va mavqei tobora mustahkamlanayotganining yana bir yorqin ifodasidir.

Albatta, keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikning jadal rivojlanayotgani, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining birgalikdagi qat’iy sa’y-harakatlarimiz tufayli mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani bizni katta mamnuniyat bilan quvontiradi.

Ishonchim komilki, Siz bilan muntazam samarali uchrashuvlar va o‘zaro muloqotlar natijasida erishilgan muhim kelishuvlarning to‘liq amalga oshirilishi ko‘p qirrali aloqalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Hurmatli Ilhom Haydar o‘g‘li, ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, Sizga uzoq umr, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va yuksak mas’uliyat talab qiladigan oliy davlat faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar, qardosh Ozarbayjon xalqiga esa doimiy farovonlik, ravnaq va taraqqiyot tilayman”.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing