Qonunchilik Palatasi madaniy maskanlar va botanika bog‘larini himoya qiladi

O'zbekiston

Madaniy maskanlar xalqning umumiy boyligi hisoblanadi. Ushbu Qonun loyihasi istirohat bog‘lari, xiyobonlar va boshqa madaniy hordiq maskanlarini xususiylashtirishni qat’iy taqiqlaydi.

Qonunchilik Palatasi madaniy maskanlar va botanika bog‘larini himoya qiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi. Unda "Adolat" sotsial-demokratik partiyasining istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha ilgari surgan taklifi deputatlar va jamoatchilik orasida katta e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Mazkur tashabbus asosida "Adolat" SDP va Ekologik partiya fraksiyalari tomonidan ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasi birinchi o‘qishda deputatlar tomonidan ma’qullandi. Ushbu hujjatning qabul qilinishi mamlakatdagi madaniy hordiq maskanlari va tabiiy boyliklarni asrab-avaylashga qaratilgan strategik qadam hisoblanadi.

Yangi qonun loyihasida:

Madaniy hordiq maskanlarini begonalashtirish, ularning yerlarida bino-inshootlar qurish yoki hududni qisqartirish man etiladi.

Bino-inshootlar faqat yengil turdagi obyektlar uchun mo‘ljallangan hollarda qurilishi mumkin.

Ushbu qoidalarni buzganlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Bu nafaqat tabiatni muhofaza qilishga xizmat qiladi, balki aholiga sifatli va xavfsiz dam olish maskanlarini saqlab qolishga yordam beradi.

Yana bir muhim yangilik — qonun loyihasida "botanika bog‘lari"ni muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritish taklif etildi. Bu bilan:

Botanika bog‘lari va ularga tegishli yerlarni begonalashtirish taqiqlanadi.

Ushbu hududlarda bino-inshootlar qurilishi yoki qurilish osti maydonini kengaytirish qat’iyan man etiladi.

Botanika bog‘lari nafaqat ilmiy-tadqiqot faoliyatining, balki aholi uchun tabiiy go‘zallik va ekologik barqarorlikni ta’minlash maskanlari sifatida ham ahamiyatlidir. Mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

"Adolat" SDP vakillarining ta’kidlashicha, madaniy va ekologik qadriyatlarni himoya qilish — bu xalqning farovonligi va kelajagiga qaratilgan qadamdir.

Yig‘ilishda bildirilgan fikr-mulohazalarga ko‘ra, ushbu qonun loyihasi aholining madaniy hordiq va ekologik muvozanatga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. O‘zbekiston ekologik va madaniy boyliklarini asrash yo‘lida yangi bosqichga o‘tmoqda.

Ushbu qonun loyihasi qabul qilinishi bilan mamlakatning yashil hududlari yanada ko‘payadi, madaniy maskanlar esa butun xalqning umumiy boyligi sifatida saqlanib qolinadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing