Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasi 12 foizgacha tushiriladi

Iqtisodiyot

Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasini 17,5 foizdan 12 foizgacha tushirish rejalashtirilmoqda. Kelasi yili resurslar ikki karra oshirilib, Uychi va Zarbdor tajribasi asosidagi “drayver” loyihalarga $100 mln yo‘naltiriladi. Bu orqali kamida 50 ming kishini daromadli qilish vazifasi qo‘yildi.

Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasi 12 foizgacha tushiriladi
Ikki yil davomida biznes infratuzilmasiga 370 mlrd so‘m ajratilib, 2 200 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti ishga tushirildi, qariyb 10 mingta ish o‘rni yaratildi. Nukus tumanidagi “Diyqan arna” mahallasida 60 o‘rinli bog‘cha, futbol va vorkaut maydonchalari tashkil etildi. Tuman hokimlariga iqtisodiy o‘sish va bandlikka xizmat qiladigan yana ikkitadan loyiha tayyorlash topshirildi. Buning uchun 100 mlrd so‘m ajratilib, moliyalashtirish bir hafta ichida boshlanadi.

Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish ham kun tartibida bo‘ldi. Qoraqalpog‘istondagi 417 ming gektar ekin yerini sug‘orishga 5,7 mlrd kub metr suv sarflanmoqda, yo‘qotishlar esa 38 foiz yoki 2,1 mlrd kub metrni tashkil etmoqda. To‘rtko‘ldagi “Yonbosh” kanalidan o‘tadigan 115 mln kub metr suvning 44 mln kub metri yo‘qotiladi. Kanal to‘liq betonlansa, yana 9 ming gektar yerga suv yetkazish va 15 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasini yaratish mumkin.

Bo‘zatovdagi “Erkindaryo” kanalining 8 kilometrini betonlash 3 ming gektar qo‘shimcha yer maydonidan foydalanish va 15 ming gektarning suv ta’minotini yaxshilash imkonini beradi. Uchta suv inshooti va 22 ta artezian quduq yana 5 ming gektar ozuqa maydonini yaratadi. Bu ishlarga 135 mlrd so‘m ajratilib, ikki kanalni 1 martgacha betonlash topshirildi.

O‘tgan yili 276 ta suv nasosi energiya tejamkor uskunalarga almashtirilib, yiliga 16 mln kVt·soat elektr energiyasi tejalmoqda. 1 aprelgacha Qoraqalpog‘istondagi yana 59 ta va boshqa hududlardagi 200 ta nasos yangilanadi. Suv obyektlarini modernizatsiya qilish uchun Yaponiyadan jalb qilingan $4,5 mln grant hajmini kelasi yili $100 mln ga yetkazish vazifasi belgilandi.

Chorvachilikda ham yangi imkoniyatlar yaratiladi. Qoraqalpog‘istondagi 4,3 mln gektar yaylovning 2,5 mln gektaridan yetarlicha foydalanilmayapti. “Beruniy Agrostar” 2 ming gektar yerni tiklamoqda, kelasi yili yana 5 ming gektar o‘zlashtiriladi. Bo‘zatovda 7,5 ming gektarni ozuqa yetishtirishga moslashtirish uchun 100 mlrd so‘m ajratiladi.

Misr tajribasini o‘rganish uchun 200 dan ziyod fermer, jumladan, Qoraqalpog‘istondan 26 nafar fermer yuborildi. Dastlabki bosqichda ushbu tajriba 20 ming gektarda joriy etiladi. Loyiha uchun Osiyo taraqqiyot bankidan jalb qilinayotgan $60 mln kredit va $8 mln grant yo‘naltiriladi.

Yirik chorvachilik komplekslari uchun kredit miqdori 50 mlrd so‘mgacha oshiriladi. Samolyotda olib kelinadigan naslli buqalar qiymatining 10 foizi, biroq har bir bosh uchun 4 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiya beriladi. Bir oyda kamida 100 ming boshga mo‘ljallangan komplekslar loyihalari shakllantiriladi, qoramol xaridi uchun kredit ajratish tartibi soddalashtiriladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing