Qozog‘iston O‘zbekistonga 10 mlrd kubometrgacha gaz yetkazib berishi mumkin

Iqtisodiyot

Qozogʻiston Energetika vazirining taʼkidlashicha, Rossiya gazining O‘zbekistonga tranziti Qozog‘iston uchun iqtisodiy jihatdan foydali.

Qozog‘iston O‘zbekistonga 10 mlrd kubometrgacha gaz yetkazib berishi mumkin
Qozog‘iston Rossiyadan O‘zbekistonga 1,5 mlrddan 10 mlrd kubometrgacha tabiiy gaz yetkazib berishni muhokama qilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev so‘zlariga tayanib, TASS xabar berdi.

“Hozir biz indikativ ma’noda 1,5 mlrd kubometrdan 10 mlrd kubometrgacha gaz tranzitini muhokama qilmoqdamiz. Bunda O‘zbekiston energetika tizimining tayyorligiga, rossiyalik hamkasblarning zarur hajmda gaz eksport qilishga tayyorligiga qarab [ta'minot hajmini] yanada oshirish mumkin bo‘ladi”, degan Satkaliyev.

Uning fikricha, Rossiya gazining O‘zbekistonga tranziti Qozog‘iston uchun iqtisodiy jihatdan foydali. Bu “Qozoqgaz"ning ichki bozorga ko‘k yoqilg‘i yetkazib berishdagi zararini qoplash imkonini beradi.

“Bu Qozog‘iston uchun tranzitdan qo‘shimcha daromad olish bilan bog‘liq. Biz gaz quvurlari tizimini modernizatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, deydi Qozog‘iston rasmiysi.

Umuman olganda, qo‘shimcha daromadni investitsiya dasturiga, xususan, ta’mirlash dasturiga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Avvalroq, Qozog‘iston Energetika vazirligi Markaziy Osiyo gaz quvurining Qozog‘iston qismini — Rossiya gazini O‘zbekistonga tashish markazini tayyorlash ishlari olib borilayotgani haqida xabar bergan edi. Tugatish 2023 yil 1 oktabrga rejalashtirilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing