Tayvan muxolifati yetakchisi Pekin bilan muloqot uchun harbiy byudjetni to‘xtatib qo‘ydi

Dunyo

Tayvan bo‘g‘ozi qirg‘oqlari o‘rtasidagi munosabatlar Taybeydagi o‘tkir ichki siyosiy bo‘linish fonida diplomatik “iliqlashuv” pallasiga kirdi. Muxolifatdagi Gomindan partiyasi yetakchisi Chjen Liven Si Szinpinning shaxsiy taklifiga binoan olti kunlik tashrif bilan XXRga keldi. Bu esa orolning keng ko‘lamli mudofaa xaridlari bloklanishiga sabab bo‘ldi.

Tayvan muxolifati yetakchisi Pekin bilan muloqot uchun harbiy byudjetni to‘xtatib qo‘ydi
Ushbu tashrif so‘nggi o‘n yil ichida Gomindan raisining materik Xitoyga ilk bor kelishidir. Safar “iliq bahor” hamda Xitoy yaxlitligini nazarda tutuvchi “1992-yil konsensusi”ga sodiqlik shiori ostida o‘tmoqda. Chjen Livenning Pekin missiyasining asosiy amaliy natijasi Tayvan parlamentining pozitsiyasi bo‘ldi: muxolifat nazoratidagi palata Amerika qurol-yarog‘larini sotib olishga mo‘ljallangan 40 milliard dollarlik mudofaa byudjetini qabul qilishni to‘xtatib qo‘ydi.

Demokratik progressiv partiya (DPP) vakili bo‘lgan Tayvanning amaldagi rahbariyati muxolifat harakatlarini milliy xavfsizlikka tahdid deb baholadi va Pekinni Vashington bilan harbiy hamkorlikni uzishga urinishda aybladi. Vaziyat XXRning orol yaqinidagi muntazam mashg‘ulotlari hamda Donald Trampning may oyida Petinga rejalashtirilgan tashrifi fonida keskinlashmoqda.

Chjen Livenning o‘zi uning maqsadi orolning “ikkinchi Ukraina”ga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini ta’kidlamoqda. Tahlilchilarning fikricha, Gomindan bilan muloqot orqali Pekin dunyoga tinch yo‘l bilan birlashishga intilayotganini namoyish etmoqda va shu bilan birga Taybeydagi mustaqillik tarafdorlariga bosimni kuchaytirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing