Navoiy va Gomel viloyatlari sanoat va gumanitar hamkorlikni kengaytirmoqda

Iqtisodiyot

O‘zbekistonning Navoiy va Belarusning Gomel viloyatlari sanoat, savdo, sog‘liqni saqlash va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikni kengaytirmoqda. 21-avgust kuni Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov va Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasini imzoladi.

Navoiy va Gomel viloyatlari sanoat va gumanitar hamkorlikni kengaytirmoqda
Tashrif doirasida Gomel davlat tibbiyot universiteti va Navoiy davlat universiteti, shuningdek, ikki hudud sog‘liqni saqlash boshqarmalari o‘rtasida ham hamkorlik bitimlari imzolandi.

Tomonlar o‘zaro savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga e’tibor qaratmoqda. Navoiy viloyati Belarus qishloq xo‘jaligi texnikasi va kombaynlarini yetkazib berishga qiziqish bildirmoqda. Gomel va Navoiy shaharlarida savdo uylarini tashkil etish ham savdo hajmini oshirish mexanizmlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida mutaxassislar malakasini oshirish, talabalar almashinuvi, tajriba almashish hamda farmatsevtika mahsulotlari yetkazib berishni kengaytirish rejalashtirilgan.

Navoiy viloyati hokimligi kotibiyati rahbari Mexroj Botirova ta’kidlaganidek: «Tibbiyot va ta’lim muassasalarimiz o‘rtasida ham kelishuvlar bor. Ular o‘zaro tajriba almashadi. Bu — "bir plus bir". Bizning talabalar u yerga, ularning talabalari biznikiga keladi».

Yo‘l xaritasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, Gomelning go‘sht va sut mahsulotlarini O‘zbekistonga yetkazib berishni ko‘paytirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan.

O‘zbekiston Belarusdagi Gomel viloyatining eng yirik savdo hamkorlari o‘ntaligiga kiradi. So‘nggi besh yilda hududlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash uch baravar oshgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing