TikTok bolalar ma’lumotlarini himoya qilish ishi bo‘yicha $400 mln to‘laydi

Dunyo

TikTok va uning bosh kompaniyasi ByteDance AQSh Adliya vazirligi bilan internetda bolalar maxfiyligini himoya qilish qonunchiligiga rioya etilishi bo‘yicha sud ishini hal qilish yuzasidan kelishuvga erishdi. Kelishuv qiymati $400 mlnni tashkil etadi.

TikTok bolalar ma’lumotlarini himoya qilish ishi bo‘yicha $400 mln to‘laydi
Kelishuv shartlariga ko‘ra, TikTok $300 mlnni darhol, yana $100 mlnni esa kompaniyaning avvalgi Musical.ly tuzilmasiga nisbatan chiqarilgan sud kelishuvini bekor qilish haqidagi qaror kuchga kirganidan so‘ng to‘laydi. AQSh Adliya vazirligi bu kelishuvni bolalar maxfiyligini himoya qilish to‘g‘risidagi COPPA qonuni bo‘yicha eng yirik undirilgan mablag‘lardan biri deb atadi.

Da’vo 2024-yilda berilgan. AQSh hukumati TikTok 13 yoshdan kichik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini ota-onalarning zarur roziligisiz qayta ishlash bilan bog‘liq talablarni buzganini da’vo qilgan.

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, da’vo berilganidan keyin TikTok boshqaruv tuzilmasi, muvofiqlik nazorati va maxfiylikni himoya qilish amaliyotiga o‘zgartirishlar kiritgan. Kompaniya voyaga yetmagan foydalanuvchilarni himoya qilish, yoshni aniqlash va ota-ona nazoratini kuchaytirish choralarini ham joriy qilgan.

Shu bilan birga, kelishuv TikTok qonunni buzganini tan olganini anglatmaydi. AQSh Adliya vazirligi hal qilingan da’volar faqat ayblovlardan iborat bo‘lganini va kompaniyaning javobgarligi bo‘yicha qaror chiqarilmaganini qayd etdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing