Qozog‘iston yangi Konstitutsiya uchun ovoz beradi

Siyosat

Qozog‘istonda 15-mart kuni yangi Konstitutsiya bo‘yicha respublika referendumi o‘tkaziladi. Hujjat siyosiy tizimni keng qamrovli isloh qilishni, jumladan bir palatali parlamentga o‘tish va vitse-prezident institutini joriy etishni nazarda tutadi.

Qozog‘iston yangi Konstitutsiya uchun ovoz beradi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 15-mart kuni yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha respublika referendumi o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, fuqarolarga quyidagi savol qo‘yiladi: “2026-yil 12-fevral kuni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan Qozog‘iston Respublikasi yangi Konstitutsiyasini qabul qilasizmi?”

Konstitutsiyaviy islohot jarayoni 2025-yil sentabrida, Toqayev bir palatali parlamentga o‘tish tashabbusini ilgari surganidan so‘ng boshlandi. Dastlab Konstitutsiyaning qariyb 40 ta moddasi o‘zgartirilishi rejalashtirilgan edi, biroq ish jarayonida o‘zgartirishlar ko‘lami ancha kengayib, amalda yangi Konstitutsiya qabul qilish masalasi kun tartibiga chiqdi.

Hujjatni tayyorlash uchun 21-yanvar kuni deputatlar va hukumat a’zolarini o‘z ichiga olgan 100 dan ortiq kishidan iborat maxsus komissiya tuzildi. Komissiya yangi Konstitutsiya loyihasini 31-yanvar kuni e’lon qildi.

Hujjatning asosiy g‘oyalari sifatida ta’lim va ilm-fan, madaniyat va innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek davlatning “inson markazli” tamoyilini kuchaytirish ko‘rsatilgan. Asosiy yangiliklar qatorida bir palatali parlamentga o‘tish va vitse-prezident institutini joriy etish bor.

Toqayevning ta’kidlashicha, yangi Konstitutsiya siyosiy tizimni “kuchli prezident — ta’sirli parlament — hisobdor hukumat” tamoyili asosida rivojlantirishni mustahkamlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu islohot mamlakatni superprezidentlik modelidan prezidentlik respublikasiga o‘tkazishga xizmat qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing