Qulash kutilgandi, ammo qarshilik davom etmoqda: Eronda nima bo‘lmoqda

Dunyo

Urushning birinchi kunida Eronning oliy rahbari halok bo‘lganidan keyin mamlakatda tezkor siyosiy parchalanish bo‘lishi mumkin degan taxminlar mavjud edi. Biroq hozircha Eron siyosiy tizimi qulayotganini ko‘rsatadigan belgilar yo‘q.

Qulash kutilgandi, ammo qarshilik davom etmoqda: Eronda nima bo‘lmoqda
AQSh rasmiylari urushning birinchi kunida Eron oliy rahbari halok bo‘lganidan so‘ng mamlakat siyosiy tizimi tezda parchalanishi mumkin deb taxmin qilgan edi. Ammo Bi-bi-si xalqaro masalalar bo‘yicha muxbiri Jeremi Bouenning aytishicha, hozircha Eron rejimi qulayotganini ko‘rsatadigan aniq belgilar yo‘q.

Jurnalistning fikricha, bunday taxminlar hokimiyat tizimida kuchli liderning roliga asoslangan bo‘lishi mumkin. Kuchli rahbarlik g‘oyasini qo‘llab-quvvatlab kelgan Donald Tramp ehtimol oyatulloh Ali Xomenei yo‘q qilingach, mamlakatda tez siyosiy inqiroz boshlanishini kutgan bo‘lishi mumkin.

Bouenning ta’kidlashicha, bunday yondashuv “Venesuela ssenariysi”ga o‘xshaydi — ya’ni rahbar ketgach, tizim tezda parchalanadi degan hisob. Ammo bu Eron siyosiy tizimining murakkab tuzilishini yetarli darajada tushunmaslikni ko‘rsatadi.

Unga ko‘ra, Eron siyosiy tizimi murakkab institutlarga ega bo‘lib, AQSh va Isroilga qarshi uzoq tarixiy qarshilik an’anasiga tayangan.

Shu bilan birga, Isroil yangi oliy rahbar sifatida tilga olinayotgan Mojtaba Xomeneini yo‘q qilishga urinishi mumkinligini ochiq aytgan. Ayrim xabarlarga ko‘ra, hujum natijasida uning yaqin qarindoshlari — ota-onasi, rafiqasi va singlisi halok bo‘lgan. Biroq Mojtaba Xomenei jarohat olgani haqida tasdiqlangan ma’lumot yo‘q.

Bouen shuningdek, Tehron yangi lider atrofida shaxsiy kult shakllantirishga urinayotganiga qaramay, u haqda yangi ma’lumotlarni jamoatchilikka taqdim etmaganini ta’kidlaydi.

Shu bilan birga, Fors ko‘rfazi davlatlarida ham xavotir kuchaymoqda. Ular mojaro oqibatlari bilan asosan mintaqa davlatlari o‘zlari shug‘ullashiga to‘g‘ri kelishidan xavotir bildirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing