RF Markaziy banki aktivlari doimiy muzlatildi — YI qarori

Iqtisodiyot

Yevropa Ittifoqi davlatlari Yevropada saqlanayotgan Rossiya Markaziy banki aktivlarini qariyb 210 milliard yevro miqdorida muddatsiz muzlatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi. Avvalroq bunday cheklovlar har olti oyda uzaytirib borilar edi.

RF Markaziy banki aktivlari doimiy muzlatildi — YI qarori
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, muddatsiz muzlatish qarori ayrim YI davlatlari, jumladan Vengriya va Slovakiya tomonidan ehtimoliy veto qo‘yilishi xavfini bartaraf etadi va aktivlarni Rossiyaga qaytarish ehtimolini kamaytiradi.

Shuningdek, ushbu qaror Belgiyani YI rejasini qo‘llab-quvvatlashga undashga qaratilgan. Rejaga ko‘ra, muzlatilgan mablag‘lardan tushgan daromadlar hisobidan Ukrainaga 2026–2027 yillarda harbiy va fuqarolik ehtiyojlari uchun 165 milliard yevrogacha kredit ajratilishi mumkin. Mazkur kredit faqat Rossiya tomonidan yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘langanidan so‘ng qaytarilishi ko‘zda tutilmoqda.

Belgiya, Italiya, Bolgariya va Malta aktivlarni muddatsiz muzlatishni qo‘llab-quvvatladi, biroq ularni Ukrainaga bevosita topshirish masalasida ehtiyotkorona pozitsiyani bildirdi. Ushbu masala bo‘yicha yakuniy qaror 18–19 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan YI sammitida qabul qilinadi.

Shu bilan birga, Rossiya Markaziy banki Belgiyada joylashgan Euroclear depozitariysiga qarshi Moskva arbitraj sudiga da’vo kiritishini ma’lum qildi. Regulyatorning ta’kidlashicha, uning aktivlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita foydalanish xalqaro huquqqa zid bo‘lib, suveren immunitet tamoyillarini buzadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing