Rossiya Xitoyga eng yirik neft yetkazib beruvchi davlatga aylandi

Iqtisodiyot

Xitoy Rossiyadan neft sotib olishda va uni neft mahsulotlari ko'rinishida G'arbga sotishda davom etib, unga sanksiyalarni chetlab o'tishga yordam bermoqda.

Rossiya Xitoyga eng yirik neft yetkazib beruvchi davlatga aylandi
2023-yil oxirida Rossiya Saudiya Arabistonini ortda qoldirib, Xitoyga eng yirik xom neft yetkazib beruvchiga aylandi. Bu haqda “Reuters” 20-yanvar kuni Xitoy bojxona maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.

Ushbu ma'lumotlarga ko'ra, 2023-yilda Rossiya Federatsiyasidan Xitoyga neft yetkazib berish 107,02 million tonnani tashkil etgan. Bu kuniga 2,14 million barrelga teng.

“Bu Xitoy va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi munosabatlar tarixidagi yoqilgʻi yetkazib berish boʻyicha rekord miqdor boʻlib, bu raqam Xitoyga boshqa neft eksport qiluvchi davlatlar – Saudiya Arabistoni va Iroqdagidan ancha yuqori”, deya qayd etadi agentlik.

Shu bilan birga, Xitoy Saudiya Arabistonidan neft sotib olishni Rossiya Federatsiyasi foydasiga 1,8 foizga (85,96 million tonnagacha) qisqartirgan. Biroq, 2023-yilda Xitoyga xom neftning umumiy importi rekord darajadagi 563,99 million tonnagacha o‘sgan.

Qayd etilishicha, Rossiya deyarli butun neftini Hindiston va Xitoyga sotmoqda.

2023-yil oxirida Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak Rossiya neft eksportining taxminan 45-50 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelishini, Hindistonning ulushi esa ikki yil ichida deyarli noldan 40 foizga o‘sganini aytdi.

“2023-yilda Rossiya Federatsiyasidan Yevropaga neft eksporti umumiy yetkazib berish 40-45 foizdan 4-5 foizgacha kamaydi”, dedi Novak.

Ma’lum boʻlishicha, Yevropa davlatlari neft mahsulotlarini Hindistondan sotib olmoqda va shu bilan bilvosita Moskvaga yoqilg'i uchun pul to'layapti, garchi Yevropa Ittifoqi Ukrainaga bostirib kirishi sababli Rossiya Federatsiyasidan neft ta'minotiga embargo qo'ygan bo'lsa ham. Independent nashriga koʻra, 2023-yilda Hindistondan Yevropa Ittifoqiga neft mahsulotlari importi 115 foizga – kuniga 231,8 ming barrelgacha oshgan va bu so‘nggi yetti yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing