Saida Mirziyoyeva DFC va Google bilan O‘zbekistondagi yangi loyihalarni muhokama qildi

Dunyo

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) va Google rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda transport, sog‘liqni saqlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalaridagi yirik qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

Saida Mirziyoyeva DFC va Google bilan O‘zbekistondagi yangi loyihalarni muhokama qildi
DFC bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuvda amalga oshirilishi boshlangan transport va sog‘liqni saqlash loyihalari ko‘rib chiqildi. Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston DFC bilan hamkorlikni bundan buyon ham kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashuvda O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish imkoniyati muhokama qilindi. Shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli yechimlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, o‘zbek tilining Google Cloud Gemini platformasiga integratsiya qilinishi davlat va biznes uchun ona tilida raqamli xizmatlar yaratish imkonini beradi. BigQuery va Dataplex kabi vositalardan foydalanish katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Tomonlar xalqaro to‘lov tizimlaridan foydalanish masalasini ham muhokama qildi. Shuningdek, yoshlar uchun Google xalqaro sertifikatlari, xakatonlar va har yili 25 nafar iqtidorli talaba uchun kompaniya ofislarida stajirovkalar tashkil etilishi qayd etildi.

«Kompaniya bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari juda ko‘p. Oldinda hali ko‘p ishlar bor», — dedi Saida Mirziyoyeva.

Uchrashuvlar BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkdagi 81-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing