Samarqand 400 dan ortiq kompaniya ishtirokida C5+1 biznes dasturini boshladi

Iqtisodiyot

19-oktabr kuni Samarqandda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida C5+1 biznes dasturini ochib bergan Welcome & Orientation sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda AQSh, Markaziy Osiyo mamlakatlari va O‘zbekistondan 400 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.

Samarqand 400 dan ortiq kompaniya ishtirokida C5+1 biznes dasturini boshladi
Sessiya O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Amerika–O‘zbekiston savdo palatasi ishtirokida tashkil etildi. Tadbirni ochib bergan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov investitsiyaviy va texnologik hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, vazirlik qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda hamrohlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Biznes dasturida AQShning 100 dan ortiq kompaniyasi, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan 100 ga yaqin kompaniya hamda O‘zbekistonning 200 ta korxonasi qatnashmoqda. AQSh savdo vaziri yordamchisi Devid Fogel tadbirda tabrik so‘zi bilan chiqdi. Wabtec, Franklin Templeton, Traxys va Aquatech kompaniyalari rahbarlari hamkorlik istiqbollarini taqdim etdi.

Dastur olti yo‘nalishni qamrab oladi: raqamli texnologiyalar; ta’lim va sog‘liqni saqlash; mineral resurslar; energetika va transport; qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik; moliya va investitsiyalar. Ishtirokchilar ushbu sohalarda hamkorlik imkoniyatlari va qo‘shma loyihalarni muhokama qiladi.

Biznes dasturi doirasida B2B va B2G formatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan. Ular kompaniyalar o‘rtasidagi, shuningdek, biznes va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi muloqotni qamrab oladi.

Dastur C5+1 doirasidagi tadbirlarning bir qismi bo‘lib, ushbu format AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlatini birlashtiradi. Samarqanddagi uchrashuvlar mintaqa kompaniyalari va Amerika biznesi o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, investitsiyaviy va texnologik tashabbuslarni muhokama qilishga qaratilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing