Samarqandda og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Global tarmoq tashkil etildi

O'zbekiston

21–22-oktabrda Samarqandda o‘tkazilgan Bolalar saratoni bo‘yicha II xalqaro kongressda og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Global tarmoq tashkil etildi. Tashkilotning ikki yillik raisi etib O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva saylandi. Tarmoq AQSh St. Jude shifoxonasining tashabbusi bilan birinchi xonimlarni va davlat rahbarlari turmush o‘rtoqlarini xalqaro hamkorlik uchun birlashtiradi.

Samarqandda og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Global tarmoq tashkil etildi
Kongressda bolalar saratonidagi davolanish farqlariga to‘xtaldi: daromadi yuqori mamlakatlarda sog‘ayish darajasi 80% dan ortiq, daromadi past mamlakatlarda esa 30% dan kam. 2030-yilgacha global sog‘ayish ko‘rsatkichini kamida 60% ga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Samarqandda og‘ir va hayot uchun xavfli kasalliklarga, jumladan, saraton kasalligiga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Global tarmoq tashkil etilgani e’lon qilindi. Ikki yil muddatga ushbu tashkilot raisi etib O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva saylandi. Bu haqda 21–22-oktabr kunlari Butunjahon bolalar farovonligi sammiti doirasida o‘tkazilayotgan “Sog‘ayishdan hayot sifatiga” nomli Bolalar saratoni bo‘yicha II xalqaro kongressda ma’lum qilindi.

Tarmoq tashkil etilganini AQShdagi St. Jude bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasi vitse-prezidenti va St. Jude Global direktori Karlos Rodriges-Galindo e’lon qildi. Tashabbus birinchi xonimlar va davlat rahbarlarining turmush o‘rtoqlarini xalqaro hamkorlik hamda tajriba almashish uchun birlashtirishni, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishni ko‘zda tutadi.

Kongressda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiya sog‘liqni saqlash idoralari vakillari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro bolalar onkologlari jamiyati, Yevropa onkologiya maktabi, xorijiy universitet klinikalari va yetakchi tibbiyot markazlari mutaxassislari qatnashmoqda.

Ziroat Mirziyoyeva o‘z nutqida hukumatlar, olimlar, xalqaro tashkilotlar va gumanitar hamjamiyatni bolalar manfaatlari yo‘lida birlashishga chaqirdi. “Kasallik va azob-uqubatlar siyosiy chegaralar, millat yoki daromad darajasini tan olmaydi. Keling, farovon kelajak uchun birlashaylik, toki hech bir bola va hech bir oila o‘z dardi bilan yolg‘iz qolmasin”, — dedi u.
Kongressda bolalarning davolanish imkoniyatlaridagi tafovut ham muhokama qilindi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili qariyb 400 ming nafar bola va o‘smirda saraton aniqlanadi. Daromadi yuqori mamlakatlarda bemor bolalarning 80 foizidan ortig‘i sog‘ayadi, daromadi past va o‘rta mamlakatlarning ko‘plarida esa bu ko‘rsatkich 30 foizdan kam. 2030-yilgacha dunyo bo‘yicha bolalar saratonidan omon qolish darajasini kamida 60 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Ishtirokchilar davolash bilan bir qatorda reabilitatsiya, psixologik yordam, ta’lim va sog‘aygandan keyingi hayot sifatiga ham e’tibor qaratdi. Mehrli Maktab o‘quvchilarining chiqishi bolalarga umid, oilaviy ko‘mak va to‘laqonli hayotga qaytish imkoniyati naqadar muhimligini ko‘rsatdi.

Global tarmoq og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarga yashash joyi yoki oilasining moddiy imkoniyatlaridan qat’i nazar yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing