Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi bo‘lib o‘tadi

O'zbekiston

13–14-may kunlari Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida Osiyo xotin-qizlari forumi o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi bo‘lib o‘tadi
Forumni o‘tkazish tashabbusi mamlakatimiz Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollarining bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yana-da kengaytirish borasida tajriba almashish maqsadida ilgari surilgan edi.

Ma’lum qilinishicha, Oliy Majlis Senati, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda “BMT-Ayollar” tuzilmasi BMT ayollar tuzilmasining qo‘llab-quvvatlovi ostida o‘tkazilayotgan Forumda ellikka yaqin xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Forum doirasida xotin-qizlarning fan, taʼlim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambag‘allikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish masalalari muhokama qilinadi.

“Yashil” iqtisodiyotni targ‘ib qilish, iqlim o‘zgarishining mintaqadagi gender muammolarga taʼsiri masalasida hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ilg‘or tajribasi va innovatsion yondashuvlari ham ko‘rib chiqiladi.

Forum yakuni bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi nazarda tutilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing