Senat aholiga yo‘naltirilgan byudjetni tasdiqladi

O'zbekiston

Oliy Majlis Senati 2026-yilgi davlat byudjetini tasdiqladi. Hujjatda xarajatlarning yarmidan ortig‘i ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholining farovonligini oshirishga yo‘naltirilgan.

Senat aholiga yo‘naltirilgan byudjetni tasdiqladi
Oliy Majlis Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining 2026-yilgi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.

Muhokamalar davomida qonun kelgusi yilda mamlakatning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishi qayd etildi. Senatorlar byudjetning ijtimoiy yo‘naltirilganligini alohida ta’kidlab, aholi turmush darajasini oshirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish va sifatli ta’limni ta’minlash ustuvor vazifa ekanini bildirdilar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi — 220 trln so‘m — ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi. Ta’limga 100 trln so‘m, sog‘liqni saqlashga esa 49 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu joriy yilga nisbatan 11,4 foizga ko‘pdir. 2026-yilda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Davlat byudjeti xarajatlari 402,6 trln so‘mni, daromadlar esa 368,9 trln so‘mni tashkil etadi. Konsolidatsiyalashgan byudjet defitsitini YaIMning 3 foizidan oshirmaslik vazifasi belgilangan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing