Sharl Mishel NATO bosh kotibini tanqid qildi: “Ryutte AQSh agentidek harakat qilmoqda”

Dunyo

Yevropa Kengashining sobiq raisi Sharl Mishel NATO bosh kotibi Mark Ryutte AQShga haddan tashqari yon bosib, alyans birligini himoya qila olmayotganini aytib, uni keskin tanqid qildi. Bu haqda u 30-yanvar kuni Euronews telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Sharl Mishel NATO bosh kotibini tanqid qildi: “Ryutte AQSh agentidek harakat qilmoqda”
Mishelning so‘zlariga ko‘ra, u Ryuttening harakatlaridan hafsalasi pir bo‘lgan va unga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmoqda. Uning ta’kidlashicha, NATO bosh kotibi alyans ichidagi birdamlikni mustahkamlashi kerak, biroq u AQSh manfaatlariga haddan tashqari yaqin pozitsiyani egallamoqda.

Mishel “xushomad diplomatiyasi” samara bermasligini va bu yondashuv “to‘liq muvaffaqiyatsizlikka” olib kelishini aytdi. U, xususan, Grenlandiya bilan bog‘liq vaziyatda AQSh tomonidan bildirilayotgan tahdid va bosimlarni qabul qilib bo‘lmas deb atadi.

Avvalroq Mark Ryutte AQSh prezidenti Donald Tramp bilan yaqin muloqot olib boruvchi shaxs sifatida tanilgan edi. Bu, jumladan, Yevropa davlatlariga nisbatan bojlar joriy etish tahdidlari fonida Grenlandiya bo‘yicha muhokamalar bilan bog‘liq bo‘ldi.

Mishel Yevropa Ittifoqi AQShning sodiq hamkori ekanini, biroq bunday munosabatga loyiq emasligini ta’kidladi. Shuningdek, u AQShning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan pozitsiyasini va YI sobiq amaldorlariga qarshi sanksiyalarni tanqid qildi.

Ukrainadagi urush masalasiga to‘xtalar ekan, Mishel Yevropa tinchlik muzokaralarida bevosita ishtirok etishi zarurligini aytdi. Uning fikricha, hozirgi muzokaralarda Yevropa manfaatlarini na AQSh, na Rossiya himoya qilmoqda.

Mishel YI nomidan muzokaralarda ishtirok etish uchun Yevropa Kengashining yangi raisi Antoniu Koshtani mumkin bo‘lgan vakil sifatida ko‘rsatdi.

Shuningdek, u Ukrainaning 2027 yilgacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish maqsadini qo‘llab-quvvatlab, bu maqsad amalga oshishi mumkinligini va Kiyevning YIga integratsiyasi tezlashtirilishi kerakligini ta’kidladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing