Shavkat Mirziyoyev: Inson qadrini ulug‘lash avvalo azizu mukarrama ayollarni ulug‘lashdan boshlanadi

O'zbekiston

Toshkent shahrida Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, ayollarga samimiy mehri va hurmatini izhor etdi.

Shavkat Mirziyoyev: Inson qadrini ulug‘lash avvalo azizu mukarrama ayollarni ulug‘lashdan boshlanadi
“Biz har yili bu kunni intiqlik, qalbimizda ajib iliqlik bilan kutamiz. Ushbu shukuhli ayyomda hammamiz bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib, mehr va tarbiya berib voyaga yetkazgan buyuk ona siymosiga, mo‘tabar ayol zotiga ta’zim qilamiz. Zero, inson qadrini ulug‘lash avvalo azizu mukarrama ayollarimizni ulug‘lashdan boshlanadi”, — dedi Prezident.

Prezident Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili davlat dasturida belgilangan, xotin-qizlarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, bandligini ta’minlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Bu borada Senat Raisi boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha ishlar mutlaqo yangicha yondashuvlar va tizim asosida tashkil qilinadi.

Viloyat, tuman, shahar hokimlari, hokimliklarning xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda faol ayollar Komissiya bilan birgalikda joriy yilda 9 442 ta mahalladagi 580 mingga yaqin ishsiz ayollarning bandligini ta’minlashga mas’ul etib belgilanadi.

Umuman, bir oy muddatda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, loyihalarni amalga oshirish uchun 15 trillion so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Yaponiya, Janubiy Koreya va Germaniyadan 100 million dollar grant jalb qilinadi.

O’zbekistonda xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Jahon bankining kuni kecha e’lon qilingan indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi.

O’zbekistonning turli hududlaridan tashrif buyurgan xotin-qizlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakilalari fayzli dasturxon atrofida bayramni nishonladi.

Bayram tantanali konsert dasturi bilan davom etdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing