Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov qabrini ziyorat qildi

O'zbekiston

Prezident Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Qabr poyiga gul qo‘yib, Birinchi Prezident xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov qabrini ziyorat qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qabr poyiga gul qo‘yib, Birinchi Prezident xotirasiga hurmat bajo keltirgan. Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qilgan.

“Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilib, davlat boshqaruvini yangidan qurgan, mamlakat tarixining murakkab va og‘ir davrlarida barqarorlikni saqlab, xalq manfaatlarini ta’minlagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev uning bu xizmatlarini munosib qadrladi”, deyiladi xabarda.

Davlat rahbarining 2017-yil 25-yanvardagi qaroriga muvofiq, Birinchi Prezideng xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Oʻzbekistondagi yirik majmualar, shaharlardagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil qilindi, Samarqandda maqbara barpo etildi.

“Fidoyilarini e’zozlaydigan xalqimiz Birinchi Prezidentimizni hurmat bilan yodga oladi. Ushbu xotirlash marosimi ham o‘tganlar yodiga hurmat, yosh avlodga ibrat maktabidir”, deya qoʻshimcha qilingan xabarda.

Marosimda parlament va hukumat a’zolari, jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari ishtirok etgan. Tadbir yakunlangach, davlat rahbari Toshkentga qaytib kelgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing