Shavkat Mirziyoyev jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini ko‘zdan kechirdi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Muvofiqlashtirish va monitoring qilish markazini borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda davlatimiz rahbarining matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini ko‘zdan kechirdi
Markaz jamoat xavfsizligi jarayonlarini qamrab olgan yagona axborot makonidir. Bu yerda joylardagi vaziyat va xodimlarning ish-harakati raqamli texnologiyalar orqali tahlil qilib boriladi. Xususan, 10 mingdan ortiq profilaktika inspektorlarining faoliyati 6 ta yo‘nalish bo‘yicha nazorat qilinadi va baholanadi.

Shuningdek, markazda videoaloqa orqali profilaktika inspektorlari, yo‘l patrul, post patrul va probatsiya xodimlari uchun masofaviy o‘quvlar o‘tkaziladi. Ommaviy tadbirlarni modellashtirish orqali nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va tezkor choralar ko‘rish o‘rgatiladi.

Davlatimiz rahbari bu masalaga alohida e’tibor qaratib, soha xodimlari yuqori texnologiyalarni yaxshi bilishi lozimligini ta’kidladi.

Markazdagi uchrashuvga huquq-tartibot idoralari huzuridagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari taklif etildi. Ulardagi o‘quv dasturlarini shu nuqtayi nazardan takomillashtirish, dual ta’lim tizimini joriy etish, darslar va ilmiy ishlarning hayot bilan hamnafasligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Ichki ishlar vazirligida uchuvchisiz qurilmalarni qo‘llash bo‘yicha tuzilma tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish, ommaviy tadbirlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan jamoat xavfsizligi bo‘yicha strategiyada 2025 yil yakuniga qadar tizimni raqamlashtirishni 90 foizga yetkazish belgilangan. Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga shu borada axborot berildi.

Shu yerda ichki ishlar tizimida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnika va anjomlar namoyish qilindi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing