Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga keldi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga keldi
O’zbekiston rahbari dastlab Yangi Namangan tumanidagi “Gavhar grup” korxonasini borib ko‘rdi. U yiliga 1 ming 200 kilogramm zargarlik buyumlarini sanoat usulida ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Bugungi kunda korxonada 10 ming xil dizayndagi zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Chet ellar bilan hamkorlikda qo‘l soatlarining tilla korpusini tayyorlash yo‘lga quyilgan. 2023-yilda 270 kilogramm mahsulot ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, bu yerda 3D modellashtirish orqali buyurtma asosida istalgan ko‘rinishdagi buyumlarni ishlab chiqarish mumkin.

Oltinni Tovar-xomashyo birjasidan kechiktirib to‘lash sharti asosida sotib olish imkoniyati aylanma mablag‘ va ishlab chiqarish uzviyligida muhim omil bo‘lmoqda.

Yana bir muhim tomoni, korxonada mahalliy zargarlar bilan kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan. Natijada yashirin ishlaganlar “soya”dan chiqdi, ish o‘rinlari ko‘paydi. Korxonada 100 dan ortiq kishining bandligi ta’minlangan. Shu yerning o‘zida yoshlarga hunar ham o‘rgatiladi.

“Mamlakatimizda yiliga 100 tonna oltin qazib olayapmiz. Uni zargar tadbirkorlarga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat berilgan. Ochig‘i, bunday imkoniyatlar hech qaysi davlatda yo‘q. Lekin, yurtimizda oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanayapti. Oltin qazib olinmaydigan mamlakatlar bizdan ko‘p eksport qilayapti. Bu sohada biroz kechikdik. Shuning uchun ishlab chiqarishga qo‘shimcha sharoitlar yaratayapmiz. Bu hali boshlanishi. Sohani hali yana rivojlantiramiz”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing