Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirdi

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida o’tkazilgan yig‘ilish doirasida hududni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirdi
Ma’lumki, Namangan viloyati hududining 20% ni tog‘lar egallaganligi tog‘ turizmini rivojlantirish istiqbollarini ochib beradi. Shu maqsadda Shahrisabz tajribasidan kelib chiqib, Pop, Chust, Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy va Chortoq shaharlarida bir qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ichki turizmni ragʻbatlantirish maqsadida Namanganni Buxoro va Samarqand shaharlari bilan bogʻlovchi temir yoʻl qatnovlarini, shuningdek, Namangan-Pop-Chodak yoʻnalishi boʻyicha har kungi tezyurar yoʻlovchi poyezdi qatnovini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Viloyatning eksport imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayotgani qayd etildi. Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlarda savdo uylarini ochish bo‘yicha muzokaralar muhimligini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligi sohasi samaradorligini oshirish uchun dehqonlarga berilgan yerlarga karantin inspektorlarini biriktirish, eksportbop mahsulotlar yetishtirishni tashkil etish, agrokimyoviy xaritani ishlab chiqish va yerlarni GSP+ talablariga moslashtirish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda Prezidentimiz 1 ming 203 gektar maydonda 200 ming aholiga mo‘ljallangan “Yangi Namangan” shahri qurilishi davom etayotganini ta’kidladi. Hozirgi bosqichda turarjoy majmualari, IT-park, mehmonxona, biznes-markaz, “Yangi O’zbekiston bog‘i” qurilishi boshlanadi.

Shuningdek, mutasaddilarga insult va jarrohlik amaliyotidan keyingi reabilitatsiyaning yagona milliy tizimini yaratish, televideniye va radio orqali sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish targ‘ibotini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda mutasaddilarning hisobotlari, tadbirkorlarning takliflari ko‘rib chiqildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing