Shavkat Mirziyoyev O‘mon, Quvayt va Bahrayn delegatsiyalarini qabul qildi

Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni O‘mon, Quvayt va Bahrayn delegatsiyalarini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘mon, Quvayt va Bahrayn delegatsiyalarini qabul qildi
O‘mon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaydiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv davomida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qo‘shma investitsiya kompaniyasining loyihalar portfelini kengaytirish muhim ekani qayd etildi.

Bank sohasini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim kabi ustuvor yo‘nalishlarda yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish taklif qilindi.

Quvayt Davlati tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo boshchiligidagi delegatsiya bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, moliya-investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tashriflarni faollashtirish, madaniy va turizm almashinuvlariga oid dasturlarni amalga oshirish, yetakchi kompaniyalar ishtirokida, shu jumladan Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan yo‘lga qo‘yilgan yaqin hamkorlik doirasida hamda Kuvayt investitsiya agentligi bilan samarali sheriklikni yo‘lga qo‘yish orqali ustuvor tarmoqlardagi investitsiya loyihalarini ilgari surish zarurligi qayd etildi.

Bahrayn Podshohligi tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayaniy boshchiligidagi delegatsiya bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Siyosiy muloqotni faollashtirish hamda siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini tez fursatda ishga tushirish muhimligi qayd etildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, bank-moliya, avtomobil va temir yo‘llari qurilishi, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi dastur va loyihalarni ilgari surish uchun katta salohiyat va keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Eslatib oʻtamiz, bugun Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig‘ilishi boʻlib oʻtdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing