Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni Davlat Dumasi saylovlarining o‘tkazilgani bilan tabrikladi

Dunyo

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga maktub yo‘llab, uni Rossiya Federal Majlisi Davlat Dumasiga saylovlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi. O‘zbekiston rahbari saylovchilarning yuqori faolligi va ovoz berish natijalarini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni Davlat Dumasi saylovlarining o‘tkazilgani bilan tabrikladi
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, o‘tgan saylovlar Rossiya jamiyatining yuksak siyosiy madaniyati va fuqarolik konsolidatsiyasini yana bir bor namoyon etdi. Maktubda rekord darajadagi saylovchilar faolligi va ovoz berish natijalari Rossiya fuqarolarining Vladimir Putin rahbarligida amalga oshirilayotgan strategik kursga yuqori ishonchini ko‘rsatishi qayd etilgan.

O‘zbekiston Prezidenti mazkur siyosiy kurs Rossiyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini davom ettirish va milliy manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini ta’kidladi.

Mirziyoyev O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarga ham alohida e’tibor qaratdi. U ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida «misli ko‘rilmagan yuqori sur’atlar» kuzatilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, parlamentlararo hamkorlik ko‘p qirrali ikki tomonlama aloqalarda alohida o‘rin tutadi va qo‘shma loyiha hamda dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga bundan buyon ham xizmat qiladi. Mirziyoyev birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali O‘zbekiston-Rossiya hamkorligiga yangi sur’at berish va uni yangi tashabbuslar bilan boyitish mumkinligiga ishonch bildirdi.

Yakunda Mirziyoyev Vladimir Putinga mustahkam sog‘liq va davlat faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, Rossiya xalqiga esa tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing