Shavkat Mirziyoyev yangi xorijiy elchilarni qabul qilib, munosabatlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi

Siyosat

7-may kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi. Bu haqda davlatimiz rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev yangi xorijiy elchilarni qabul qilib, munosabatlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Vengriya elchisi Yojef Roja, Eron Islom Respublikasi elchisi Muhammadali Iskandariy, Chexiya Respublikasi elchisi Lyubomir Frebort, O‘mon Sultonligi elchisi Vafo al-Busaidiy, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi elchisi Muhammad Irqiydan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini tayinlov bilan samimiy qutlab, O‘zbekiston va ular vakillik qilayotgan mamlakatlarni yaqinlashtirish, ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim o‘rnini qayd etdi.

«Bugungi O‘zbekiston – jahonga keng ochilayotgan, xorijiy sheriklari bilan uzoq muddatli va keng qamrovli aloqalarni izchil rivojlantirib borayotgan tinchliksevar va adolatli ijtimoiy davlatdir», — dedi Prezident.

O‘zbekiston bundan buyon ham xalqaro maydonda ochiq, pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosatni izchil davom ettirishini ta’kidlab, davlatimiz rahbari elchilar diqqatini ular vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan yangi darajaga ko‘tarish muhimligiga qaratdi.

Oliy darajadagi uchrashuvlarni tashkil etish, siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini joriy etish, Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish zarurligi, bu ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlashi ta’kidlandi.

Marosim yakunida Prezidentimiz elchilarga sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tilab, mamlakatimiz hududlariga borish, yurtimizda bo‘layotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishga chaqirdi. Bu, hech shubhasiz, hamkorlik mustahkamlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Diplomatlar samimiy qabul, samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga bor sa’y-harakatlarini qaratishlarini ta’kidladilar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing