Shomurodov "Yuventus"ga qarshi o‘yinda "Roma"ni qutqarib qoldi

Sport

"Yuventus" bilan bo‘lib o‘tgan qarama-qarshilikda "Roma"ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov yana e’tibor markazida bo‘ldi. Italiya A Seriyasining 31-turidan o‘rin olgan Rimdagi bahsda kuchlar teng keldi - 1:1.

Shomurodov "Yuventus"ga qarshi o‘yinda "Roma"ni qutqarib qoldi
Birinchi bo‘lim turinliklar foydasiga hal bo‘ldi - 40-daqiqada Manuel Lokatelli gol urdi. Tanaffusdan so‘ng rimliklar bosh murabbiyi Klaudio Raneri Shomurodovni maydonga tushirib, hujumni kuchaytirdi. Va bu qaror tezkor natija berdi: oradan uch daqiqa o‘tib, 49-daqiqada O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi hisobni tenglashtirdi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, Eldor statistik portallardan yuqori baho oldi: Sofascore 7.2, Fotmob 7.3 va Flashscore 7.4.

O‘yindan so‘ng DAZN kanaliga bergan intervyusida Shomurodov shunday dedi:
"Maydonga chiqishdan oldin murabbiy mendan Dovbikka yordam berishimni so‘radi. Ikkinchi bo‘limni yaxshi boshladik, g‘alaba qozonish uchun imkoniyatlarimiz bor edi. Gol urganimdan xursandman, lekin, albatta, dublga erishmoqchi edim."

Ayni paytda "Roma" 53 ochko bilan turnir jadvalida yettinchi o‘rinda bormoqda. Keyingi turda, 13 aprel kuni jamoani "Latsio" bilan derbi kutib turibdi.

Ma’lumot uchun, Eldor Shomurodov joriy mavsum barcha musobaqalarda 30 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing