SpaceX Maskni tarixdagi eng boy odamga aylantirdi

Biznes

SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Mask tarixda birinchi bo‘lib 600 mlrd dollardan ortiq boylikka ega bo‘lgan inson bo‘ldi, deb yozadi Forbes. Rekord SpaceX kompaniyasining IPO arafasida keskin qimmatlashuvi fonida qayd etildi.

SpaceX Maskni tarixdagi eng boy odamga aylantirdi
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr o‘rtalarida SpaceX investorlar tomonidan 800 mlrd dollarga baholangan. Bu avgust oyidagi ko‘rsatkichdan ikki baravar yuqori. Kompaniyaning aksiyalarini joylashtirish 2026 yilga rejalashtirilgan bo‘lib, Bloomberg ta’kidlaganidek, u tarixdagi eng yirik IPO bo‘lishi mumkin.

Mask SpaceX aksiyalarining taxminan 42 foiziga egalik qiladi. Shu sababli uning boyligi 168 mlrd dollarga oshib, 677 mlrd dollarga yetdi. IPO bo‘lmagan taqdirda ham, SpaceX’dagi ulushi — 336 mlrd dollar — Maskning eng qimmat aktivi hisoblanadi.

Taqqoslash uchun, uning Tesla’dagi 12 foizlik ulushi 197 mlrd dollarga baholanmoqda. Shuningdek, Maskga tegishli xAI Holdings kompaniyasi (Grok sun’iy intellekt chat-boti) 230 mlrd dollar bahoda yangi investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Analitiklar hisob-kitobiga ko‘ra, agar boylik o‘sishi yiliga o‘rtacha 110% darajasida saqlansa, Mask 2027 yilga borib tarixdagi ilk dollar trillioneriga aylanishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing