Taʼlim va maʼrifat maskanlarining qurilishi bilan tanishildi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi binolarining qurilishini koʻzdan kechirdi.

Taʼlim va maʼrifat maskanlarining qurilishi bilan tanishildi
Mamlakatimizda iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini ilmiy asosda rivojlantirish, innovatsiya va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu jarayon, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan malakali kadrlar tayyorlash bilan uzviy bogʻliq.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-iyundagi qaroriga muvofiq “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilgan.

Universitetning Yangi Toshkentda barpo etilayotgan binolari majmuasining dastlabki qiymati 200 million dollar bo‘lib, 50 gektar maydonni qamrab oladi.

Loyiha Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi buyurtmasi asosida turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Qurilish ishlari “Özgüven” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Universitet binolarini 2027-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Majmua tarkibida 10 ming talabaga moʻljallangan 5 ta fakultet, rektorat, ming oʻrindan ortiq joyga ega kutubxona, muzey, koʻrgazmalar zali, multimedia xonalari barpo etiladi. Shuningdek, talabalar uchun ming oʻrinli sport majmuasi va suzish havzasi, professor-oʻqituvchilar va talabalarga moʻljallangan 2 ming oʻrinli yotoqxonalar hamda oshxonalar quriladi.

Ayni paytda qurilish ishlari uch bosqichda olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari loyihaning asosiy parametrlari, taʼlim jarayoni uchun yaratiladigan infratuzilma va sharoitlarga alohida eʼtibor qaratdi. Yoshlarning ilmiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishda bunday zamonaviy taʼlim dargohlarining ahamiyati alohida qayd etildi.

– Ushbu universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ta’lim dasturlari boshqa oliy o‘quv yurtlari uchun andoza bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

 Mutasaddilarga boshqa oliy o‘quv yurtlarini ham shu tarzda ta’mirlash, jihozlash, ta’limga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, qariyb 4 gektar maydonda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Inshoot milliy meʼmorchilik anʼanalari va zamonaviy arxitektura yechimlarini uygʻunlashtirgan holda loyihalashtirilgan.

Toʻrt qavatli binolarning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyod boʻlib, bir vaqtning oʻzida 1 ming 420 nafar kitobxonga xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Kutubxona fondlarini saqlash, hisobga olish, xavfsizligini taʼminlash va sterilizatsiya qilish uchun maxsus yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi.

Majmua koʻp funksiyali boʻlib, xalqaro va milliy yirik kutubxonalarning elektron bazalariga onlayn ulanish imkoni yaratiladi. Koʻzi ojiz fuqarolar uchun maxsus oʻqish va tadqiqot muhiti yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun 300 oʻrinli kafe, galereya, yengil sport oʻyinlari maydonchalari va dam olish hududlari barpo qilinadi.

Prezidentimiz ushbu kutubxona Yangi Toshkentda barpo etilayotgan taʼlim va maʼrifat maskanlarining tizimida muhim oʻrin tutib, yosh avlodning intellektual rivoji uchun mustahkam zamin boʻlishini taʼkidladi. Ilm-fan va maʼnaviyatga sarmoya kiritgan davlatning iqtisodiy salohiyati ham barqaror va yuqori boʻlishi qayd etildi.

Zamonaviy kutubxona imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanish uchun xodimlar axborot texnologiyalari va xalqaro standartlarni chuqur oʻzlashtirishi zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing