Tibbiyotda yangi standartlar joriy etiladi, shifokorlarni qoʻllab-quvvatlash kuchaytiriladi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Koʻksaroy qarorgohida tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Tibbiyotda yangi standartlar joriy etiladi, shifokorlarni qoʻllab-quvvatlash kuchaytiriladi
Davlatimiz rahbari yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan tabriklab, inson salomatligini asrash yoʻlidagi mehnati uchun minnatdorlik bildirdi.

– Oilasining baxtini koʻrish, halol mehnat qilib, orzulariga yetish, umrini mazmunli oʻtkazish uchun odamga, avvalo, sogʻliq kerak. Shu bois, inson salomatligini asrashni islohotlarimizning eng muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilaganmiz, – dedi Prezidentimiz.

Soʻnggi oʻn yilda 10 million aholiga xizmat koʻrsatadigan yangi poliklinika va shifoxonalar ishga tushirildi, 58 ming shifo oʻrni yaratildi. Zamonaviy muassasalar koʻpayishi va xususiy sektor rivojlanishi natijasida tibbiy xizmatlar hajmi uch karra oshdi. Ilgari faqat chet elda bajarilgan tugʻma yurak nuqsonlarini davolash, aʼzolar transplantatsiyasi, robot jarrohligi va bosh miyadagi murakkab amaliyotlar kabi yuzdan ziyod xizmat bugun mamlakatimizda koʻrsatilmoqda.

Farmatsevtika mahsulotlariga ehtiyojning 70 foizini ichki imkoniyatlar hisobidan qoplash maqsad qilingan. Soʻnggi yillarda sohada 1 milliard dollarlik 330 ta yangi farmatsevtika quvvati ishga tushirildi. Hududlarda farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari tashkil etilib, ularda 1 milliard 200 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz bu oʻzgarishlarda 800 mingdan ziyod tibbiyot va farmatsevtika xodimining munosib hissasi borligini taʼkidladi. Yaqinda soha fidoyilarining bir guruhini davlat mukofotlari bilan taqdirlash toʻgʻrisida farmon imzolandi. Uchrashuvda orden va medallar oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Davlatimiz rahbari inson salomatligini asrash, ilgʻor ilmiy ishlanmalar va davolash usullarini joriy etishda boshqalarga oʻrnak boʻlayotgan tibbiyot xodimlari uchun “Ibn Sino” ordenini taʼsis etishni taklif qildi.

Uchrashuvda birlamchi tibbiy yordam sifatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu borada 28 ta tumanda sinovdan oʻtkazilgan yangi tizim doirasida 7 million aholi oilaviy shifokorlarga nomma-nom biriktirildi. Laboratoriyalar ishga tushirildi, shifokor va hamshiralar oʻqitildi, bemorlarning tibbiy yordam olish tartibi belgilandi. Kafolatlangan tibbiy xizmatlar toʻplami doirasida ambulator bemorlarga 69 turdagi dori vositasi bepul berilmoqda. Ushbu model kelasi yildan yana 100 ta tumanda joriy etiladi.

Kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlash ishlari ham kengaytiriladi. Oshqozon, yoʻgʻon ichak, prostata bezi va oʻpka saratonini erta aniqlash ishlari Samarqanddan boshlanib, 2028-yildan barcha hududlarda yoʻlga qoʻyiladi. Qandli diabet, sil, yurak-qon tomir kasalliklari, ayollardagi oʻsmalar va bolalardagi onkogematologik xastaliklarni erta aniqlash dasturlari davom ettiriladi.

Besh hududda infarkt va insultni erta aniqlash hamda davolash dasturi natijasida ushbu kasalliklardan erta oʻlim besh oyda 15 foizga kamaydi. Kasallik boshlanishidagi “oltin soat”da 855 nafar inson erta oʻlim va nogironlik asoratlaridan saqlab qolindi.

Kelasi yil dastur bilan barcha tuman va shaharlar qamrab olinadi. Aholi uchun bepul beriladigan dori vositalari turi 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turi 36 taga yetkaziladi.

Sohada taʼlim, qurilish, sanitariya-gigiyena, bemorlar xavfsizligi va xodimlar madaniyatini qamrab oladigan “Yangi Oʻzbekiston tibbiyot standartlari” joriy etiladi. Birlamchi boʻgʻin xodimlari bosqichma-bosqich maxsus kiyim-bosh bilan bepul taʼminlanadi. Eng yaxshi shifokor va hamshiralarni ragʻbatlantirish kengaytirilib, viloyat bosqichida gʻolib boʻlgan 14 nafar shifokor elektromobil bilan taqdirlanadi. Sogʻlom turmush tarzini targʻib qiladigan eng yaxshi oʻnta loyiha muallifiga 200 million soʻmdan grant beriladi.

Tibbiy xizmat sifati, avvalo, kadrlar tayyorgarligiga bogʻliqligi qayd etildi.

– Qancha zamonaviy klinikalar qurmaylik, eng soʻnggi uskunalarni olib bermaylik, malakali xodimlarsiz natija boʻlmaydi, – dedi Prezidentimiz.

Hozir 11 ta davlat oliygohida yiliga 15 ming shifokor tayyorlanmoqda. Kelasi yildan talabalar haftada uch kun bemor bilan ishlashni oʻrganadi, bitiruvchilar esa oxirgi oʻquv yilini toʻliq tibbiyot muassasasida amaliyotda oʻtkazadi. Bakalavriatni bitirgan hamshira va tibbiyot ogʻasiga 1,5 million soʻm, magistraturani tugatganlarga 2,5 million soʻm qoʻshimcha ustama toʻlanadi. 2027-yildan tor soha mutaxassisliklari boʻyicha rezidenturada oʻqish bepul boʻladi.

Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga xususiy sektor ham jalb qilinadi. Birlamchi boʻgʻin va tumanlardagi xodimlarning oʻqish xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimi kelasi yil 1-iyuldan dastlab ixtiyoriy asosda yoʻlga qoʻyilib, 2030-yildan majburiy boʻladi. Roʻyxatdan oʻtgan shifokor, farmatsevt va hamshiralarga ustama toʻlanadi.

Yangi tibbiyot muassasalari aholi soni va hududlarning joylashuvidan kelib chiqib, master-reja asosida tashkil etiladi. Davlat shifoxonalarida tadbirkorlarga zamonaviy uskunalar oʻrnatish uchun joy ajratilib, koʻrsatilgan xizmatlarga sugʻurta tizimi orqali haq toʻlanadi. Gemodializ, laboratoriya, sterilizatsiya, reabilitatsiya va fizioterapiya xizmatlarini xususiy sektordan xarid qilish kengaytiriladi. 

Kelasi yil har bir hududga kamida 150 million dollar investitsiya va grant jalb qilish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Genomika, hujayra va biotexnologiyalar rivojlanishi bilan birga tibbiy tadqiqotlarda inson huquqlarini himoya qilish zarurligi taʼkidlandi.

– Inson hayoti va salomatligi bilan bogʻliq tadqiqotlarda uning huquqi, roziligi va qadr-qimmati birinchi oʻrinda turishi shart, – dedi Prezidentimiz.

Buning uchun bioetika va biotexnologiya sohalarining huquqiy asoslari mustahkamlanadi. Garvard tibbiyot maktabi bilan hamkorlikda irsiy kasalliklar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanib, genetik tekshiruv joriy etiladi.

Ixtisoslashgan markazlar tajribasini hududlarga yetkazish maqsadida jarroh, anesteziolog, reanimatolog, assistent va hamshiralardan iborat yaxlit jamoalar joylarga yuboriladi. Hududlardagi tibbiyot guruhlari esa markazlarda uch-toʻrt oylik stajirovkadan oʻtadi.

Kelasi yildan 26 ta ixtisoslashgan markaz direktori bilan bir yillik kontrakt tuziladi. Ularning faoliyati sohadagi yangiliklar, quyi boʻgʻin xodimlari malakasini oshirish va ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etishga qarab baholanadi. Shifoxona va poliklinikalar ishiga aholining oʻzi baho beradigan mexanizm yoʻlga qoʻyiladi. Shifokor va hamshiralar ish haqini belgilashda aholining tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi asosiy mezon boʻladi.

Kelgusi yildan kardiologiya, gepatologiya, oftalmologiya va gematologiya kabi yoʻnalishlarda oʻnta sunʼiy intellekt tizimi ishga tushiriladi. 

Shifokorlar assotsiatsiyalarining faoliyatini jonlantirish, ularning rahbarlarini aʼzolar tomonidan ikki-uch yilga saylash tizimiga oʻtish zarurligi ham qayd etildi.

Uchrashuvda tibbiyot xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari eʼlon qilindi. Sohada kamida 15 yil ishlagan xodimlarning ipoteka kreditining bir qismini qoplash uchun 50 milliard soʻm ajratildi. Kelasi yil shu imkoniyat orqali ming nafar tibbiyot xodimi yangi uyga koʻchib oʻtadi. Har yili 500 nafar yosh xodimning ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi qoplanadi. Olis hududlarda ishlaydigan shifokorlarning oylik qoʻshimcha ustamasi 4,5 million soʻmga oshirilib, u yerda ish boshlaganlarga 50 million soʻm bir martalik ragʻbat puli beriladi.

Xorijiy klinikalarda tajriba orttirgan vatandosh shifokorlarni mamlakatimizga jalb etish uchun ham yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi. Ularga 50 million soʻmgacha oylik ustama toʻlanadi, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan ish joyi va oʻz jamoasini shakllantirish imkoniyati yaratiladi. 

Uchrashuvda soha vakillarining taklif va tashabbuslari tinglandi. Mutasaddilarga belgilangan vazifalarni amalga oshirish va bildirilgan takliflar ustida birgalikda ishlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

– Men bir narsani soʻrayman: har bir tibbiyot xodimi oʻziga savol bersin – bugun inson salomatligi uchun kechagidan koʻra koʻproq nima qila oldim? Agar har birimiz shu savolga javob qidirib ishlasak, tibbiyotimizda ham, xalqimizning salomatligida ham katta oʻzgarishlar boʻladi, – dedi Prezidentimiz yakunda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing