Tim Kuk 15 yillik CEOlikdan so‘ng Apple rahbarligini Jon Ternusga topshirdi

Biznes

Tim Kuk qariyb 15 yil davomida Apple’ga rahbarlik qilganidan so‘ng kompaniyaning bosh ijrochi direktori lavozimini tark etdi. 2026-yil 1-sentabrdan Apple’ning yangi CEOsi avval kompaniyaning Hardware Engineering bo‘yicha katta vitse-prezidenti lavozimida ishlagan Jon Ternus bo‘ldi, Kuk esa direktorlar kengashining ijrochi raisi lavozimiga o‘tdi.

Tim Kuk 15 yillik CEOlikdan so‘ng Apple rahbarligini Jon Ternusga topshirdi
Apple rahbariyat almashinuvi haqida aprel oyida direktorlar kengashi tomonidan bir ovozdan ma’qullangan uzoq muddatli vorislik rejasi doirasida e’lon qilgan edi. O‘tish davrida Kuk va Ternus vakolatlarni izchil topshirish uchun yaqindan hamkorlik qildi. Yangi lavozimida Kuk kompaniyaning ayrim yo‘nalishlarida, jumladan, dunyo bo‘ylab siyosatchilar va davlat vakillari bilan aloqalarda ishtirok etishda davom etadi.

31-avgust kuni, CEO sifatidagi so‘nggi ish kunida Tim Kuk X ijtimoiy tarmog‘i orqali Apple hamjamiyatiga murojaat qilib, kompaniya jamoasi va foydalanuvchilariga minnatdorlik bildirdi. U lavozimining o‘zgarishi Apple va uning hamjamiyatiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmasligini ta’kidladi.

Kuk Apple’ga 1998-yil mart oyida Worldwide Operations bo‘yicha katta vitse-prezident sifatida qo‘shilgan. 2011-yil avgustida u kompaniya asoschilaridan biri Stiv Jobs o‘rniga CEO lavozimini egalladi va keyingi 15 yil davomida Apple’ga rahbarlik qildi.

Jon Ternus Apple’da 2001-yildan beri ishlaydi. U Hardware Engineering bo‘limida turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan, 2013-yilda vitse-prezident, 2021-yilda esa Hardware Engineering bo‘yicha katta vitse-prezident etib tayinlangan.

Rahbariyat almashinuvi Apple tarixidagi eng uzoq davom etgan boshqaruv davrlaridan birini yakunladi. Ternus 1-sentabr kuni rasman CEO lavozimini egalladi, Tim Kuk esa kompaniyada direktorlar kengashining ijrochi raisi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing