“Tinchlik kengashi” G‘azoni tiklash uchun $2,45 mlrdlik rejani taqdim etdi

Dunyo

“Tinchlik kengashi” G‘azoni tiklash uchun olti oylik, qiymati $2,45 mlrd bo‘lgan rejani taqdim etdi. Dastur birinchi navbatdagi gumanitar va infratuzilmaviy vazifalarni qamrab oluvchi 66 ta loyihani o‘z ichiga oladi.

“Tinchlik kengashi” G‘azoni tiklash uchun $2,45 mlrdlik rejani taqdim etdi
Rejada vayronalarni tozalash, shifoxonalarni ta’mirlash, vaqtinchalik uy-joylar qurish, elektr va suv ta’minotini tiklash, chiqindilarni olib chiqish hamda xavfsizlik kuchlarini joylashtirish ko‘zda tutilgan. G‘azoni to‘liq tiklash va qayta qurish uchun o‘n yil davomida taxminan $71,4 mlrd talab etilishi baholangan.

Ayni paytda kengash ixtiyorida $280 mln mavjud. Dastur infratuzilma, inson salohiyatini rivojlantirish, iqtisodiy tiklanish, raqamli transformatsiya, huquqiy masalalar va xavfsizlik kabi olti yo‘nalishga bo‘lingan.

Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Jared Kushner taqdimotdan maqsad rejaning amalga oshirilishiga qat’iy bel bog‘langanini ko‘rsatish ekanini aytdi. Shu bilan birga, u loyiha turli masalalar bo‘yicha kechikishlarga duch kelayotganini tan oldi.

AQShning tinchlik missiyalari bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff esa kengash so‘nggi bir yil davomida real taraqqiyotga erishganini bildirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing