Toshkent Jahon kubogining konkur bo‘yicha Yevrosiyo bosqichlariga mezbonlik qiladi

Sport

Joriy yilning 17–20-aprel va 24–27-aprel kunlari Toshkent shahrida konkur bo‘yicha Jahon kubogining Yevrosiyo mintaqasi bosqichlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqida "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.

Toshkent Jahon kubogining konkur bo‘yicha Yevrosiyo bosqichlariga mezbonlik qiladi
Milliy Olimpiya Qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur turnirlar Jahon kubogining final bosqichiga hamda 2026 yilda Germaniyaning Aaxen shahrida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga saralash turniri maqomiga ega.

Konkur bo‘yicha Jahon kubogi ot sportining eng nufuzli musobaqalaridan biri hisoblanadi. Ushbu turnir xalqaro miqyosdagi eng kuchli chavandoz va otlarning bellashuviga guvoh bo‘lish imkonini beradi. Toshkent shahrining bu musobaqaga mezbonlik qilishi mamlakatimizda ot sportiga qaratilayotgan e’tiborning yana bir dalili bo‘lib, sportchilarimizga yuksak saviyadagi turnirlarda ishtirok etish imkonini beradi.

Toshkentda o‘tadigan bosqichlar nafaqat mintaqaviy g‘oliblarni aniqlash, balki jahon miqyosidagi turnirlarga yo‘llanma olish imkonini ham yaratadi. Ushbu musobaqalar xalqaro reyting uchun muhim ochkolar taqdim etishi sababli, unda nafaqat Yevrosiyo mintaqasidan, balki dunyoning boshqa hududlaridan ham taniqli chavandozlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Toshkent shahrining bunday yirik sport tadbirlariga mezbonlik qilishi, shubhasiz, O‘zbekiston sport infratuzilmasining rivojlanayotganini va xalqaro maydonda o‘z nufuzini oshirayotganini ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatda ot sporti an’analarining mustahkamlanishi va yosh avlodning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing