Toshkentda «San’at olami» Rossiya san’ati festivali boshlandi

O'zbekiston

1-oktabr kuni Toshkentda Rossiya san’atining ikkinchi «San’at olami» festivali boshlandi. Dastur rassom va haykaltarosh Zurab Tseretelining «Hayotdan ko‘ra ko‘proq» ko‘rgazmasi hamda Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida o‘tkazilgan «Opera durdonalari» gala-konserti bilan ochildi.

Toshkentda «San’at olami» Rossiya san’ati festivali boshlandi
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida Tseretelining rangtasvir, haykaltaroshlik va emal asarlari namoyish etilmoqda. Tashkilotchilar uchun ko‘rgazma alohida ahamiyatga ega: rassom hayotligida o‘z san’atini Toshkentda namoyish etishni orzu qilgan, biroq bu istagini amalga oshira olmagan.

«Zurab Tseretelining o‘z asarlarini shu yerda, Toshkentda, O‘zbekistonda namoyish etish orzusi bor edi. Afsuski, hayotligida bu orzusini amalga oshira olmadi. Mana, biz — uning izdoshlari, shogirdlari, Rossiya Badiiy akademiyasi akademiklari — bu yerga keldik», — dedi Kinofestivallar va xalqaro dasturlar markazi prezidenti Tatyana Shumova.

Festivalning musiqiy ochilishida «Opera durdonalari» gala-konserti namoyish etildi. Unda Rossiya Katta teatri solistlari Aleksandr Chernov va Guzel Sharipova, «Gelikon-opera» artistlari Valentina Pravdina va Konstantin Brjinskiy, shuningdek, Buryatiya opera va balet teatri solisti Olga Jigmitova ishtirok etdi. Rossiyalik ijrochilarga Alibek Qodiraxmanov boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri jo‘r bo‘ldi.

Ayrim artistlar Toshkentga ilk bor kelgan. Konstantin Brjinskiy shahar va teatr zalining go‘zalligini, shuningdek, o‘zbek orkestri bilan hamkorlikni alohida ta’kidladi: «To‘liq o‘zaro tushunish, xuddi butun umr birga ishlagandek. Musiqa haqiqatan ham barchamizni birlashtiradi».

Olga Jigmitova festivalni muhim madaniy loyiha deb atadi: «Menimcha, bunday loyihalar dunyoni yanada yorqin qiladi. Ular qalblarni birlashtiradi». Toshkentga ilk bor kelgan Aleksandr Chernov esa: «Men atrofimizdagi butun go‘zallikdan hayajon va taassurotlarga to‘lib turibman», — dedi.

Konsertda fransuz, italyan va rus kompozitorlarining asarlari ijro etildi. Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, musiqa kechaning umumiy tiliga aylandi.

Festival doirasida ta’limiy loyihalar ham tashkil etilmoqda. Zamonaviy san’at markazida rossiyalik mutaxassislar va Rossiya Badiiy akademiyasi akademiklarining ma’ruzalari o‘tkazildi. Moskva zamonaviy san’at muzeyi ekspertlari esa Toshkent oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan uchrashdi. Vaganova akademiyasi o‘qituvchilarining ochiq mahorat darsi ham rejalashtirilgan.

2-oktabr kuni festival Stanislav Govoruxinning 90 yilligiga bag‘ishlangan Kino kuni bilan davom etadi. 3-oktabrda «Xakasiya Respublikasi raqslari» milliy ansambli chiqish qiladi. 4-oktabrda esa festival Sankt-Peterburgdagi Vaganova akademiyasi o‘quvchilari konserti bilan yakunlanadi. Konsertni akademiya rektori Nikolay Tsiskaridze taqdim etadi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, «San’at olami» nafaqat Rossiya san’atini namoyish etish, balki Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing