Tramp 100 yil ichida AQSh tangasida tasvirlangan ilk tirik prezident bo‘ldi

Iqtisodiyot

Donald Tramp 100 yil ichida portreti Amerika tangasida tasvirlangan ilk tirik AQSh prezidenti bo‘ldi. Chorshanba kuni AQSh zarbxonasi mamlakatning 250 yilligiga bag‘ishlangan, Tramp tasviri tushirilgan kolleksion bir dollarlik tangani chiqardi.

Tramp 100 yil ichida AQSh tangasida tasvirlangan ilk tirik prezident bo‘ldi
Tanganing old tomonida Tramp portreti, shuningdek, “Ozodlik” va “Xudoga tavakkal qilamiz” degan yozuvlar joylashtirilgan. 25 tangadan iborat to‘plam $61, 100 tangalik qop esa $154,50 narxda sotildi. Savdolar boshlanganidan bir necha soat o‘tib, zarbxona saytida tangalar vaqtincha qolmagani haqida xabar paydo bo‘ldi. Tangalar, shuningdek, Vashingtondagi AQSh zarbxonasining savdo avtomatlari orqali sotilmoqda.

Tangalar ko‘rinishidan oltinga o‘xshaydi, biroq tarkibida oltin yo‘q. Ular 88,5 foiz misdan iborat qotishmadan zarb qilingan bo‘lib, tarkibiga rux, marganes va nikel ham kiradi.

May oyida AQSh moliya vaziri Skott Bessent mamlakatning 250 yilligi munosabati bilan Tramp portreti tushirilgan, nominal qiymati $250 bo‘lgan banknota chiqarish rejalari haqida ma’lum qilgan edi. Shu bilan birga, federal qonunchilik tirik shaxslarning tasvirlarini AQSh pul birliklariga joylashtirishni taqiqlaydi.

Tramp ma’muriyati amaldagi qonunchilikdagi istisnolar va ayrim normalarga tayanmoqda. Jumladan, 2020-yilda qabul qilingan kolleksion tangalarni qayta ishlab chiqish to‘g‘risidagi qonun tirik shaxslar tasvirini tangalarning orqa tomoniga joylashtirishni taqiqlaydi, biroq old tomoniga nisbatan bunday taqiqni belgilamaydi. Yangi bir dollarlik tanganing aynan old tomonida Tramp portreti joylashtirilgan. 1866-yildagi Teyyer tuzatishi esa tirik shaxslar portretlarini joylashtirishni cheklaydi, biroq faqat banknotalarga taalluqli bo‘lib, tangalarga nisbatan qo‘llanmaydi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing