Tramp Rossiyaga nisbatan sanksiya bosimini saqlab qoldi

Dunyo

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga nisbatan Qrim va Ukraina bilan bog‘liq vaziyat sabab joriy etilgan sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirdi. Tegishli hujjat AQSh Federal reyestrida e’lon qilindi.

Tramp Rossiyaga nisbatan sanksiya bosimini saqlab qoldi
Gap 2014, 2018 va 2022 yillarda kiritilgan cheklovlar haqida bormoqda. Hujjatda ta’kidlanishicha, mazkur qarorlar bilan bog‘liq harakatlar AQSh milliy xavfsizligi va tashqi siyosati uchun “favqulodda va o‘ta tahdid” bo‘lib qolmoqda. Shu bois favqulodda holat rejimi yana bir yilga uzaytirildi.

Mazkur rejim ilk bor 2014 yil 6 mart kuni o‘sha paytdagi prezident Barak Obama tomonidan joriy etilgan. U Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tahdid solganlikda ayblangan jismoniy va yuridik shaxslarning aktivlarini muzlatish imkonini beradi.

Favqulodda holat rejimi shundan buyon bir necha bor uzaytirilgan. Navbatdagi qaror Ukraina bo‘yicha uch tomonlama muzokaralar davom etayotgan bir paytda qabul qilindi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing