Tramp Ummonning Eron bilan Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha muzokaralari fonida zarba berish bilan tahdid qildi

Dunyo

AQSh Prezidenti Donald Tramp Ummon Hormuz bo‘g‘ozi masalasida, uning so‘zlariga ko‘ra, «yo‘lga to‘sqinlik qilsa», mamlakatga zarba berish bilan tahdid qildi. Bayonot Eron va Ummon strategik suv yo‘li orqali kemalar qatnovi bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan bir paytda yangradi.

Tramp Ummonning Eron bilan Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha muzokaralari fonida zarba berish bilan tahdid qildi
Fox News xalqaro muxbiri Trey Yingst Trampdan Maskat va Tehron o‘rtasidagi muzokaralar haqida so‘ragan. AQSh prezidenti bunga javoban: «Agar Ummon yo‘lga to‘sqinlik qilsa, biz ularni ayamay bombardimon qilamiz», degan. Tramp Ummonning aynan qanday harakatlari harbiy zarbaga sabab bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan.

Suhbat davomida Tramp Eron «taslim bo‘lish bayrog‘ini ko‘tarishi» kerakligini ham aytdi. Shu bilan birga, u Tehronga nisbatan aniq muddat belgilamaganini va «shoshilmayotganini» ta’kidladi.

Ayni paytda Eron va Ummon Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi tartibini muhokama qilishda davom etmoqda. Eron tomoni mamlakatlar kemalar o‘tishi uchun yo‘nalishlar xaritasi bo‘yicha kelishuvga erishganini, biroq ayrim masalalar hali muhokama qilinayotganini bildirgan. Avvalgi ma’lumotlarda ham Tehron va Maskat bo‘g‘oz orqali qatnovning yangi tartibi bo‘yicha kelishuvga yaqinlashgani qayd etilgan.

Hormuz bo‘g‘ozi global energetika savdosi uchun muhim ahamiyatga ega. Mintaqadagi keskinlik fonida suv yo‘li orqali kemalar qatnovi keskin kamaygan: Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, 16-avgust kuni bo‘g‘ozdan birorta ham yuk kemasi o‘tmagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing