Tramp Xalqaro jinoiy sudga tashkilot sifatida sanksiyalar tayyorlamoqda

Dunyo

AQSh Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Xalqaro jinoiy sudga (XJS) tashkilot sifatida sanksiyalar paketini tayyorladi. Reuters xabariga ko‘ra, cheklovlar AQSh fuqarolari va kompaniyalariga maxsus litsenziyasiz sud bilan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishni taqiqlashi mumkin.

Tramp Xalqaro jinoiy sudga tashkilot sifatida sanksiyalar tayyorlamoqda
Agentlik manbalarining ma’lum qilishicha, sanksiyalar paketi allaqachon ishlab chiqilgan, biroq uni e’lon qilish sanasi hozircha belgilanmagan. Variantlardan biriga ko‘ra, cheklovlar Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasining yuqori darajadagi haftaligi davomida e’lon qilinishi mumkin.

Agar choralar joriy etilsa, ular XJSning bank xizmatlari, xodimlar maoshlarini to‘lash, sug‘urta, axborot tizimlari va tashqi pudratchilar xizmatlariga ta’sir qilishi mumkin. Reutersning qayd etishicha, cheklovlar AQShdan tashqaridagi kompaniyalarga ham ta’sir qilishi ehtimoli bor.

Yangi choralar Vashingtonning XJSga nisbatan siyosatining davomidir. Avgust oyida AQSh sud prezidenti va prokuratura katta xodimiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan. Avvalroq ayrim sudyalar va prokurorlarga ham cheklovlar qo‘llangan.

Tramp ma’muriyati Isroil rasmiylari, jumladan Bosh vazir Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga nisbatan ta’qibni to‘xtatishga erishishni ko‘zlamoqda. XJS G‘azo sektoridagi taxminiy jinoyatlar bilan bog‘liq holda ularni hibsga olishga order bergan. Vashington AQSh harbiylarining Afg‘onistondagi harakatlari bo‘yicha tergovga ham qarshi.

AQSh va Isroil Rim statutining ishtirokchilari emas va XJSning o‘z fuqarolariga nisbatan yurisdiksiyasini tan olmaydi. Rossiya ham sud vakolatlarini tan olmaydi. XJS 2023-yilda Vladimir Putinni hibsga olish uchun order bergan.

XJS 2002-yildan buyon Gaagada faoliyat yuritib, genotsid, urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing