Tramp Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng Putin bilan yangi sammit bo‘lishi mumkinligini aytdi

Dunyo

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yangi sammit o‘tkazish imkoniyatini istisno qilmadi. Bu haqda u 22-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar oldidan ma’lum qildi.

Tramp Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng Putin bilan yangi sammit bo‘lishi mumkinligini aytdi
Putinning Mayamida G20 sammiti doirasida uchrashuvga rozi bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga javoban Tramp Rossiya rahbari bilan Alyaskada o‘tkazgan muzokaralarini eslatdi. Uning aytishicha, Putin yangi uchrashuvga tayyor va jangovar harakatlarni tugatishni istaydi. Biroq Tramp sammit aynan Mayamida o‘tkazilishini tasdiqlamadi.

AQSh prezidenti mojaroning tugashini Putin ham, Zelenskiy ham istayotganini bildirdi. Ukraina barcha hududlarini qaytarishi mumkinmi, degan savolga u tomonlar kelishuvga erishishini aytdi, biroq uning shartlarini oshkor qilmadi.

Tramp Zelenskiy bilan Rossiya hududlariga berilayotgan zarbalarni ham muhokama qilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar Rossiyaga sezilarli zarar yetkazgan, biroq dizel yoqilg‘isi narxlariga ham ta’sir ko‘rsatgan. Avvalroq Tramp Zelenskiyni Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni to‘xtatishga chaqirgan edi. Kiyev esa Moskva Ukraina muhim infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatsa, bunday zarbalarni to‘xtatishga tayyorligini bildirgan.

Tomonlar Ukrainada Patriot majmualari uchun raketalar ishlab chiqarish imkoniyatini ham muhokama qilishi kutilgan. Tramp bunday variant mumkinligini aytdi.

Zelenskiy muzokaralar boshida mojaroni qish boshlanishidan oldin tugatish umidida ekanini va bu borada Trampning yordamiga tayanayotganini bildirdi.

Matbuot uchun ochiq qism bir necha daqiqa davom etdi, shundan so‘ng muzokaralar yopiq formatda davom ettirildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing