Turkiya Netanyaxu uchun Interpol qizil byulletenini so‘radi

Dunyo

Turkiya Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni xalqaro qidiruvga berish jarayonini boshladi. Bu talab G‘azoga gumanitar yordam yetkazishga yo‘l olgan Global Sumud Flotilla kemalarining to‘xtatilishi bilan bog‘liq ish doirasida ilgari surildi. Turkiya Adliya vaziri Akın Gürlek tegishli murojaat Ichki ishlar vazirligiga yuborilganini, hujjatlar esa Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etilganini bildirdi.

Turkiya Netanyaxu uchun Interpol qizil byulletenini so‘radi
Gürlekning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yil 14-iyul kuni Istanbulning 11-og‘ir jinoyatlar sudi Netanyaxu va Isroil fuqarosi Afek Moskovichni genotsidda ayblab, hibsga olishga order bergan. Ish bo‘yicha jami 35 nafar shaxs sud qilinmoqda. Ularga insoniyatga qarshi jinoyatlar, genotsid, noqonuniy ozodlikdan mahrum qilish, qiynoq, tan jarohati yetkazish, mulkka zarar yetkazish, talonchilik va transport vositalarini egallab olish kabi ayblovlar qo‘yilgan.

«Biz G‘azoda sodir etilgan jinoyatlarning yashirilishiga va aybdorlarning jazosizlik bilan himoyalanishiga yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi Gürlek.

Qizil byulleten so‘rovi Interpolga xalqaro qidiruvda hamkorlik qilish yuzasidan yuborilgan murojaatdir. Uni e’lon qilish to‘g‘risidagi yakuniy qarorni Interpolning o‘zi qabul qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing