Uzbekistan GTL xususiylashtirish va IPOga tayyorgarlikni boshladi

O'zbekiston

O‘zbekistondagi yirik yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri — Uzbekistan GTL zavodini xususiylashtirishga tayyorgarlik boshlandi. Shu bilan birga, kompaniya aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Bu haqda 8-oktyabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov ma’lum qildi.

Uzbekistan GTL xususiylashtirish va IPOga tayyorgarlikni boshladi
Uning so‘zlariga ko‘ra, korxonani sotish konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Biroq prezident qarorida belgilangan muddat xususiylashtirish aynan shu vaqtga kelib yakunlanishini anglatmaydi. Bu muddatga qadar xususiylashtirish jarayonini boshlash nazarda tutilgan.

“Uning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati auditi o‘tkaziladi, ishlab chiqarish va moliyaviy ko‘rsatkichlarga salbiy ta’sir qiladigan omillar o‘rganiladi. Xususiylashtirishdan keyin bu jarayonning iqtisodiyotga, yetkazib beruvchilar va mahsulot xaridorlariga ta’siri tahlil qilinadi. Qarorda shu bosqichlar nazarda tutilgan”, — dedi Murodov.

Agentlik rahbari Uzbekistan GTL aksiyalarining IPO orqali joylashtirilishiga yirik xalqaro tashkilotlar qiziqish bildirganini ham qayd etdi. Uning aytishicha, ayrim tashkilotlar agentlikka murojaat qilib, IPOda ishtirok etish istagini bildirgan. Murodov buni ijobiy signal deb baholadi va aksiyalar ommaviy joylashtirilgach, kichik investorlar ham kompaniya aksiyalarini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’kidladi. U korxonaning moliyaviy faoliyati bo‘yicha bevosita ma’lumotga ega emasligini, biroq agentlik zarur axborotni taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Uzbekistan GTL zavodi 2021-yil dekabr oyida foydalanishga topshirilgan. Majmua yiliga 3,6 mlrd kub metr tabiiy gazni qayta ishlash, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Zavod qurilishiga 3,42 mlrd dollar sarflangan. Shundan 2,3 mlrd dollari davlat kafolati ostida xorijdan jalb qilingan kreditlardir. Kompaniyaning rasmiy saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 16-iyun holatiga asosiy qarz qoldig‘i 838,2 mln dollarni tashkil etgan. Kreditlarni Xitoy, Koreya, Rossiya banklari va boshqa moliyaviy tashkilotlar ajratgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing