Vengriya «Karpat sakkizligi»ga qo‘shilmadi va Ukrainaning neft omborlari loyihasini rad etdi

Dunyo

Vengriya Bosh vaziri Peter Magyar mamlakat Ukraina tomonidan tashkil etilgan «Karpat sakkizligi» (C8) formatining a’zosi emasligini va qo‘shilish haqidagi taklifni qabul qilmaganini bildirdi. Shu bilan birga, u Ukrainaning «Naftogaz» kompaniyasi va Vengriyaning MOL kompaniyasi o‘rtasida Vengriya hududida neft mahsulotlarini saqlash obyektlarini qurish bo‘yicha imzolangan memorandumga qarshi chiqdi.

Vengriya «Karpat sakkizligi»ga qo‘shilmadi va Ukrainaning neft omborlari loyihasini rad etdi
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy C8 formatini 18 sentyabr kuni e’lon qilgan. Unga Ukraina, Ruminiya, Polsha, Slovakiya, Chexiya, Avstriya, Serbiya va Vengriya kiritilgan edi. Biroq Vengriya tomoni taklifni olganini, ammo uni qabul qilmaganini ma’lum qildi. Birinchi sammitda Vengriya Kiyevdagi elchixonasi vakili tomonidan ishtirok etdi, biroq mamlakat yakuniy deklaratsiyaga qo‘shilmadi.

Mazkur mojaro fonida Magyar Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga bilan ijtimoiy tarmoqlarda bahslashdi. Sibiga Vengriya bosh vazirini Viktor Orban siyosatini davom ettirishda ayblab, Budapeshtning «to‘sqinlik va izolyatsiya» siyosatini tanqid qildi. Shu bilan birga, u Ukrainaning Vengriya bilan pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Magyar esa suveren davlatni uning roziligisiz xalqaro hamkorlik formatiga kiritish «mutlaqo nomaqbul» ekanini ta’kidladi.

Taranglikni kuchaytirgan yana bir masala «Naftogaz» va MOL o‘rtasidagi memorandum bo‘ldi. 20 sentyabr kuni imzolangan hujjat Ukraina bozoriga mo‘ljallangan neft mahsulotlarini Vengriyada, Ukraina chegarasiga yaqin hududda saqlash quvvatlarini yaratish loyihasini birgalikda ishlab chiqishni nazarda tutadi. «Naftogaz» loyihani ta’minot yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va qo‘shimcha saqlash quvvatlarini yaratish zarurati bilan izohladi.

Magyar o‘z hukumati davrida bunday omborlar Vengriya-Ukraina chegarasida ham, mamlakatning boshqa hududlarida ham qurilmasligini bildirdi. Shuningdek, u MOLning hukumat bilan kelishmasdan muzokara olib borganini tanqid qildi va davlat kompaniyaning 25 foiz aksiyasiga egaligini eslatdi.

MOL ma’lumotiga ko‘ra, loyiha hozircha tayyorgarlikning dastlabki bosqichida bo‘lib, texnik, moliyaviy va tartibga solish shartlari o‘rganilmoqda. Bu jarayon bir necha yil davom etishi mumkin.

C8 va energetika loyihasi atrofidagi bahslar Budapesht va Kiyev o‘rtasidagi munosabatlarda yangi hukumat davrida pragmatik hamkorlikka urinishlar bilan bir qatorda saqlanib qolayotgan kelishmovchiliklarni ham ko‘rsatdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing